Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Poytaxtimizdagi "Jar" sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlab "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida "Dugonalar davrasi" deb nomlangan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarida mehnat qilayotgan faol xotin-qizlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari taklif etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, ularni atroflicha tahlil etish , o‘z vaqtida va oqilona hal etish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
 

Xotin-qizlar bilan ishlash jarayonida turli ijtimoiy daftarlarning joriy etilgani, ayollarga doir masalalar muntazam va tizimli asosda hal etilayotgani e’tiborga molikdir. Bu borada «mahallabay», «xonadonbay» yurib, har bir oiladagi muammolar chuqur o‘rganilayotgani odamlarni rozi qilishda asosiy omil bo‘lmoqda.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz hududlaridagi xonadonlardan, opa-singillarimizning turmushi, kayfiyatidan doimiy xabardor bo‘lishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

– Keyingi yillarda xotin-qizlar uchun yangidan-yangi imkoniyat va tashabbuslar hayotga keng joriy etilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva. – Qirqdan ortiq bu imkoniyatlar ta’lim, tadbirkorlik, ilm-fan, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni qamrab olgani bilan e’tiborlidir.

Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi sohibalaridan biri Hilola Orziqulova O‘zbekiston davlat konservatoriyasining maxsus fortepiano yo‘nalishida tahsil oladi. Hilola Fransiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

– Kelgusida yana ko‘plab xalqaro tanlovlarda ishtirok etish bilan birga musiqa ta’limi yo‘nalishida ilmiy izlanish olib bormoqchiman, – dedi Hilola Orziqulova. – Maqsadlarimga erishishda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar menga qanot bo‘lishi aniq!

Tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA