Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonning Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish sharoitida gender tengligiga erishish” mavzusida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdan tashqari  yig‘ilishida ishtirok etdi.

Taʼkidlash lozim, tadbir Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi, beshinchi Maslahat uchrashuvi doirasida tashkil etildi.

Maʼlumot tariqasida: mintaqaviy platforma hisoblangan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan. 2021 yilda muloqotga mamlakatimiz raislik qilgan edi.

Tadbirda Qozog‘iston parlamenti Spikeri o‘rinbosari, Qirg‘iziston Jo‘g‘orqu Kenesh Torag‘asi o‘rinbosari, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari va Bosh kotibning maxsus vakili Natalya German videomurojaat qildi.

Yig‘ilishda iqlim o‘zgarishi sharoitida gender tengligiga erishish hamda barcha ayol va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi konstruktiv hamkorlikni taʼminlaydigan platforma yaratish hamda dolzarb muammolarning samarali yechimiga qaratilgan strategiya va dasturlarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi. Tomonlar fikrlar, maʼlumotlar va tajriba bilan almashishdi.

T.Narbayeva Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti faoliyatiga ham to‘xtaldi. “Ushbu tuzilma gender tengligini taʼminlash borasida talab yuqori bo‘lgan takliflarni ishlab chiqishda muhim platformaga aylandi. Qisqa vaqt ichida Muloqot, avvalambor, davlatlar rahbarlari, shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, Parlamentlararo Ittifoq, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinib, jiddiy qo‘llab-quvvatlandi”.