Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Bugungi kunda oila institutini har tomonlama himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish muhim ijtimoiy zaruratga aylanmoqda. Shunga muvofiq tarzda mamlakatimizda oilaning to‘laqonli rivojlanishi, iqtisodiy va ma’naviy asoslarini yanada mustahkamlash uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar, ehtiyojmand, ko‘p bolali oilalar uchun ko‘plab imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgan. 
Boshqaruvning noyob tizimi bo‘lgan  9442 ta mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilganligi, ularga davlat xizmatchisi maqomi berilgani, vakolatlarining kengaytirilgani mamlakatimizda har bir ayolga yetib borish va uning orzu niyatlarini amalga oshirish, muammosining yechimiga tezkor ko‘mak berish uchun  juda katta qadam bo‘ldi.
Qo‘mita raisi sohaga oid amalga oshirilgan islohotlarning  natijalari haqida, shuningdek, fuqarolik jamiyatining noyob instituti – mahallaning jamiyat hayotidagi ahamiyati  haqida  batafsil to‘xtalib, jumladan, quyidagilarni bayon etdi:
“Amalga oshirilayotgan ushbu sa’y-harakatlarning barcha-barchasi eng avval xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, xonadonlar obodligi, oilalar mustahkamligiga qaratilgan. Har bir harakat mahalla tizimi bilan uyg‘un, har bir yo‘limiz albatta mahallaga borib tutashadi. 
Mahalla tizimi va oila va xotin qizlar qo‘mitalarining hamkorligidagi eng ustuvor vazifasi - oilalarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyalashdir. 
Jumladan, globallashuv jarayonlarida xalq bilan ishlash, aholi, ayniqsa ayollar, eng muhimi  oilalar bilan ishlashda davr Mahalla xotin-qizlar faollari zimmasiga nimalarni yuklamoqda?  

Faollar oilalardagi muammolarni hal etishga qanday yondoshuvlarni qo‘llashi lozim? 
Qaysi uslublar eskirgan? Nima qilsa, qanday ish olib borsa oilalar, aholi rozi bo‘ladi? 
Ishni qanday tashkil etsa oilalarda nizolar kamayadi? Qaysi zamonaviy yondoshuvlarni qo‘llasak ayol oilaviy zo‘ravonlikdan jabr chekmaydi, o‘z joniga qasd qilmaydi?
Atrofimizda oilaga, ayol huquqlariga tahdid solib turgan muammo va tahdidlar mavjud. Ayniqsa, yoshlarni oilaga tayyorlashda kamchiliklarimiz borligi, oilalardagi o‘zaro munosabatlarni moʻtadillashtirishga oid choralarimizning yetarli emasligi, oilaviy ajrimlarning soni ortayotgani, va ajrim hollarida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani kabi muammolarimiz borligi haqiqat. 
Yana bir holat borki, bu mahalla xotin qizlar faollari zimmasidagi yukni yanada orttiradi. Ya’ni,  azaldan va hatto bundan 10 yillar oldin ham bir oilada o‘zaro nizo yuzaga kelsa, urushgan eru xotin yoki qaynona kelin ikkita kayvoni va obro‘li odamning nasihati bilan yarashib ketishi mumkin edi.
 Bugun esa bu usul yetarlicha samara bermayapti!   Qolaversa, oilaviy ajrimlar, notinch oilalar, o‘zaro kelishmovchiliklar kabi ko‘rsatkichlarimiz yuqorilasa yuqorilayatiki, pasaymayapti va bu holatlar barchamizni xavotirga solib turibdi.
Endi biz yurtimizda yashayotgan 17 milliondan ziyod  ayollarning barchasi bilan, shuningdek, u ayol ichki yoki tashqi migratsiyada yurgan bo‘lsa ham, jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lsa ham, qaytib kelgan bo‘lsa ham, kerak bo‘lsa, jamiyatda axloq qoidalariga rioya etmayotgan xotin-qizlar bilan bo‘lsa ham birma-bir, yuzma-yuz ishlashimiz shart va zarur!
Birorta ham ayol, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nizoli vaziyatlar bor bo‘lgan xotin-qiz e’tibordan chetda qolib ketmasligi, “qiynalyapman” degan ayolga bitta yoki ikkita yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasdan ehtiyojmand xotin-qizning ijtimoiy-moliyaviy ahvoli yaxshilanib, o‘zini tutib olishiga qadar ko‘maklashish asosiy maqsadimiz bo‘lishi shart!
Shu yurtda yashayotgan har bir ayol uning muammolarini hal etishda ko‘makchi, dardini tinglovchi mahalla tizimi, Oila va xotin qizlar qo‘mitasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, diniy idora kabi tashkilotlar borligini his etishi zarur!

Xususan, nizoli qaynona kelinga, bemor turmush o‘rtog‘i yoki nogironligi bor bolasiga qarayotgan ayolga, turmush yo‘llarida zarbaga uchrayotgan yolg‘iz ayolga, qisqa qilib aytganda barcha-barchaga kuch-g‘ayrat beradigan, olg‘a yurishga safarbar eta oladigan shaxslar bo‘lishimiz zarur!
Xotin-qizlar faoli, otinoyilar, jamoatchilik tuzilmalarimiz a’zolari  mahalla oilalaridagi tinchlik chirog‘ini yoqib turishi, birorta ham ajrimga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi zarur. Oilalar tinchligini saqlashni o‘zining va mahalladoshlarining vijdoniy vazifasiga aylantirishi kerak!