Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

Oliy Majlis Senati raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bо‘yicha respublika komissiyasi raisi T.Norboyeva rahbarligida soha mas’ullari ishtirokida yig‘ilish bо‘lib о‘tdi.

Ma’lumki, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bо‘yicha respublika komissiyasi majlisining 8-sonli bayonnomasiga muvofiq, mahalla xotin-qizlar faollarining ish samaradorligini oshirish maqsadida yangicha ishlash tizimi joriy qilindi.

Unga kо‘ra birinchi bosqichda har bir viloyatdan bitta tuman va bitta shahardagi 2 tadan mahalla tanlab olinib, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini namunaviy tartibda yо‘lga qо‘yish, ikkinchi bosqichda esa faoliyati namunali yо‘lga qо‘yilgan mahalla misolida hududdagi barcha mahallalarda ushbu tizimni joriy qilish nazarda tutilgan.

Respublika komissiyasi raisi T.Norboyeva tomonidan hozirgi kunda joylarda oila va xotin-qizlar muammolari bilan ishlash holati, tezkor bartaraf etilishi zarur bо‘lgan qator kamchiliklar sanab о‘tilib, joylardagi mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Ayniqsa, oilalar hamda xotin-qizlarga oid muammolar  bilan ishlashda, jamiyatdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda mas’ullarning mas’uliyat va javobgarligini oshirish, mahalla faollarining natijali faoliyatga о‘tishi, buning uchun ularga zaruriy uslubiy va boshqa turdagi yordamlar kо‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bosh vazir о‘rinbosari Z.Mahkamova tomonidan joylarda  О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga  oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida” 2022 yil 21 sentabrdagi PQ-376-son qarori ijrosi; xotin-qizlar о‘rtasida ijtimoiy ma’naviy muhitni yaxshilash borasidagi ishlar holati tahlil qilinib, tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash borasida yangi tizimni joriy etish holati haqida Samarqand (Z.Raxmonova), Sirdaryo (N.Tojiboyeva) va Xorazm (N.Kutlimuratova)  viloyatlari hokim о‘rinbosarlari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari sо‘zga chiqib, ular tomonidan mahallada xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda mutasaddi vazirlik hamda idoralarning quyi tuzilmalari bilan hamkorlikdagi ishlar holati haqida ma’lumot berildi, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati hamda Toshkent shahar mahalla faollari tomonidan yangi joriy etilgan tizimning afzalliklari, oilalar va xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi hamkorlikning amaliy natijalari haqida ma’lumot berildi.

Din ishlari bо‘yicha qо‘mita mas’ul xodimi F.Abdurahimova, “Oqila ayollar” harakati yetakchisi O.Musurmonovalar tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir о‘rinbosari Z.Mahkamova, Oila va xotin-qizlar qо‘mitasi raisi O.Parpiboyeva hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.