Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

Bugun Navoiy viloyati hokimligida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi – Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi -  Ozoda Parpiboyeva ishtirokida “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. 
  Yig‘ilishda O.Parpiboyeva tomonidan “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi yakunlari tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddilarning hisobotlari eshitildi hamda 2024 yilda ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
  Ta’kidlanganidek, “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2024 yilning yanvar oyi davomida xotin-qizlar muammolari “fuqarobay” o‘rganiladi hamda fevral oyi davomida ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantirilib,  Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari sessiyalariga tasdiqlash uchun kiritiladi.  
Ma’lumot uchun - Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi 145-son qarori bilan tasdiqlangan “«Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, ayollar daftari – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.
«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
- tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar.