Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Bugun O‘zbekiston Anjumanlar saroyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yo‘nalishida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, shahar, tuman hokimi, vazir, elchi kabi mas’uliyatli lavozimlarga ayollar tayinlandi. Ayollarning boshqaruv sohalaridagi ulushi 33 foizga, tadbirkorlik sohasida 35 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 47 foizga yetdi.
Ayollarning sohalardagi ulushi ham ortdi. Ular tibbiyot tizimida 77 foizdan ko‘proqni, ta’lim sohasida salkam 74 foiz, savdoda 49 foiz, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarishda qariyb 46 foiz, madaniyat va sportda 45 foiz, qishloq xo‘jaligida 42 foizdan ziyodni, moliya va sug‘urta faoliyatida 37 foizdan ortiqni, axborot va aloqa xizmatida 35 foiz, professional, ilmiy va texnik faoliyatda qariyb 34 foizni, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimida 27 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlash maqsadida mamlakatimizda qabul qilinayotgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini gender huquqiy ekspertizasidan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Davlatimizning xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi siyosati dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Jumladan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kiritildi. 
Aytish mumkinki, bugun bo‘lib o‘tgan tadbir ham  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalaridan biridir.
“Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining rseupblika bosqichi  g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.

Press-relizni yuklab olish