Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59


“Olima ayollar” tanlovi o’tkaziladi

      Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni qabul qilish uchun joriy yil 20-mart kuni “Olima ayollar” tanlovi 86-turi e’lon qilindi.

      Tanlov Innovatsion rivojlanish agentligi va Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonining 5.2-bandiga asosan ilmiy-tadqiqot ishlarining ustuvor yo‘nalishlari doirasida tashkil etilmoqda.

Tanlov doirasida ilmiy ekspertiza natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan ilmiy loyihalar fan yo‘nalishari kesimida ajratiladigan kvotalar asosida saralab olinadi.

Moliyalashtirish ko‘rsatkichlarining fan yo‘nalishari kesimida 2024-yil uchun

KVOTALAR TAQSIMOTI

T/r

Fan yo‘nalishi

kvotalar soni

  1.  

Farmakologiya va farmatsevtika fanlari

2

  1.  

Filologiya va ijtimoiy fanlar

2

  1.  

Biologiya va biotexnologiya fanlari

3

  1.  

Tibbiyot fanlari

3

  1.  

Tarix va arxeologiya fanlari

3

  1.  

Iqtisodiyot fanlari

3

  1.  

Pedagogika va psixologiya fanlari

3

  1.  

Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari

3

  1.  

Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya fanlari

3

  1.  

O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari

3

  1.  

Huquq fanlari

3

  1.  

Veterinariya va chorvachilik fanlari

3

  1.  

Yer toʻgʻrisidagi fanlar

4

  1.  

Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari

4

  1.  

Matematika, fizika va mexanika fanlari

4

  1.  

Texnika fanlari

4

  1.  

Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari

4

Jami kvotalar soni:

54

 

Tanlovning asosiy maqsadi – respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar natijalari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishdan iborat.

Mazkur tanlov ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablarga muvofiq oʻtkaziladi.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uzdavlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali 2024-yilning 1-mayga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Tanlov shartlari.

1. Amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega bo‘lishi hamda oxirgi uch yilda Web of Science hamda Scopus ma’lumotlar bazasida indeksatsiyalangan nufuzli ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan bo‘lishi shart.

2. Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi, ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi, shuningdek ilmiy jamoada yosh olimalar, iqtidorli talaba va magistrantlar ishtirok etishi lozim.

3. Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.

4. Ijrochi tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi majlisining bayonidan koʻchirmada va loyihaning 4.6-bandida bajarilishi rejalashtirilgan ilmiy loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natija (yakuniy mahsulot, yangi ishlanma, texnologiya) quyidagi talablarga javob berishi qayd etilishi (asoslab berilishi) lozim:

aniq iqtisodiyot tarmogʻidagi yoki muayyan ijtimoiy sohadagi mavjud muammoning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilganligi (yillik talab/ehtiyoj aniq raqamlarda koʻrsatilishi lozim);

tijoratlashtirish/joriy etishdan olinadigan aniq iqtisodiy (ijtimoiy/amaliy) samaraning mavjudligi.

5. Tanlovga bajarilishi bir yilga moʻljallangan amaliy va innovatsion loyihalar qabul qilinadi. Bajarilishi bir yildan ortiq muddatlarga moʻljallangan ilmiy loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazilmaydi va koʻrib chiqilmaydi.

6. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Agar loyiha rahbari tomonidan amalda ilmiy loyiha bajarilayotgan boʻlsa, bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga ruxsat etilmaydi.

7. Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (.pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda pdf va .doc/.docx).

8. Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, ushbu mavzu doirasida avval ilmiy loyiha bajarilmaganligi, tanlov talablari asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalar (yangi ishlanma, texnologiya) hamda ilmiy yo‘nalishning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtirilishi shart.

10. Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

11. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.

12. Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs.

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasida loyiha rahbarlarining shaxsiy kabinetlarida ko‘rsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari bo‘lmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.

Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish agentligi mas’ul xodimi: +99871 203-32-23 (413)