Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadamdir. Yaqinda mazkur qonun qabul qilinganiga bir yil to‘ldi.

Ushbu qonun asosida amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilandi. Shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.
Mazkur Qonun bilan 5 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
a) oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (xotiniga (eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish huquqini, sog‘liqni saqlash yoki mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkka va shaxsiy ashyolarga qasddan shikast yetkazish, ushbu shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish) uchun (1261-modda);
b) shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan yoki javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda jinsiy erkinlikka va daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Misol uchun, Qonun kuchga kirishdan oldin bu turdagi jinoyatni sodir etganlar tayinlangan jazoning 2/3 qismi o‘talgach yengilroq jazoga almashtirilishi yoki 3/4 qismi o‘talgach jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin edi. Yangi qonunga ko‘ra  tamom bo‘lmagan jinoyatlari uchun jazo tayinlashda ushbu shaxslarga yengillik berilmaydi.