Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Qonunchilik hujjatlariga «xotin-qizlarni taʼqib etish» tushunchasi kiritiladi. Bu boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi. Hozirgi kunda vazirlik va idoralardan mazkur loyiha yuzasidan takliflar olinmoqda. Mazkur hujjat bilan, shuningdek: tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash; ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish; yaqin qarindoshi boʻlgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish; shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni va nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash kabi qator normalarni kiritish koʻzda tutilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan 2021 yilda «Gender-madad» elektron huquqiy maslahatchi platformasi ishlab chiqildi. Ushbu platformaga xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan turli mavzularga oid maʼlumotlar bazasi joylashtirildi. Mavzular quydagilardan iborat: Ayollar huquqiy himoyasi; Gender tenglik; Ayollarga imtiyozlar; Oilaviy munosabatlar; Oilaviy zoʻravonlik; Xalqaro tashkilotlar Gender tengligiga erishish strategiyasi. Bundan tashqari, platforma orqali gender masalalar boʻyicha huquqiy borada maslahatni onlayn chat orqali olish tizimi yoʻlga qoʻyildi. «Xotin-qizlar huquqlari boʻyicha dolzarb ikki oy» doirasida tashkil etilgan sayyor qabullarda jami 1400 dan ziyod xotin-qizlarning muammolari eshitildi.

 

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida olib borilgan eng katta islohot va bu tizimga yaratilgan huquqiy asos sifatida eʼtirof etish mumkin.
Jumladan, 2019 yil 2 sentabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-562-sonli Qonuni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga imkon berdi.
Bu esa albatta xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sohasida mutassadi vazirlik va idoralarning hamkorligini yanada kuchaytirish va mahallalarda tizimli ishlar tashkil etish imkonini berdi. Ushbu yoʻnalishlarda bir qator ishlar amalga oshirilgan, buni hech ham inkor etib boʻlmaydi, xususan:
Huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda joriy yilning 6 oyi davomida ichki ishlar profilaktik hisobida turgan jami 24 835 nafar xotin-qizlar manzilli oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida 9 157 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam koʻrsatilib profilaktik hisobdan chiqarildi, shundan 3067 nafari ishga joylashtirildi, 3132 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam berildi, 812 nafari davolanishga muhtojligi aniqlanib, tibbiyot dispanserlarga joylashtirildi. Shuningdek, oʻrganishlarda 716 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qayta tiklashga, 1138 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordamlar koʻrsatildi. 
Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida 354 nafar maktabga bormay yurgan qizlar aniqlanib, oʻqishni davom ettirishi uchun taʼlim muassasalariga qaytarildi. 172 nafar ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilib, zaruriy yordamlar koʻrsatildi.
Hududlar kesimida olib borilgan ishlar natijasida profilaktik xisobda turgan xotin-qizlar soni kamaytirishga erishgan viloyatlar bu Toshkent shahri 1876 (2021 yilda - 2528), Samarqand viloyati 697 (2021 yilda - 889) va Qashqadaryo viloyati 1973 (2021 yilda - 2821). 
Joriy yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida 25 869 nafar (2021 yilda 20387 nafar) tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berildi.
Ayollarni  reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazining hududiy boʻlimlariga murojaat qilgan 3 824 nafar (Shundan, 3 570 nafari ayol, 144 nafari bola, 110 nafari erkak) shaxslarga zaruriy yordamlar koʻrsatildi.  Ushbu fuqarolarning 1 555 nafariga psixologik, 1 521 nafariga yuridik, 178 nafariga tibbiy, 455 nafariga boshqa yordam turlari koʻrsatildi. Murojaatchilarning salmoqli qismi 552 nafari yotoqxonaga joylashtirildi.
183 ta tuman shaharda “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarining ijtimoiy moslashuv maslaxat xonalari” tashkil etildi.