Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Davlat va jamiyat hayotida xotin-qizlarning ishtirokini hamda tashabbuskorligini yanada oshirish, oila institutini mustahkamlash tobora dolzarblik kasb etib bormoqda. Shu nuqtai nazardan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va oilalar muammolari bilan ishlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimizning joriy yil 30 iyunda qabul qilingan «Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga koʻtarish hamda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda har bir mahallada mavjud ijtimoiy muammolarni aniqlash va manzilli hal etishga kompleks yondashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga «oilabay» yondashuv tizimini joriy etish, koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirish, bunga javobgar boʻlgan vazirlik va idoralarning masʼuliyatini kuchaytirish hamda xotin-qizlarni kasbga oʻqitish tizimini yanada rivojlantirish vazifalari aniq koʻrsatib oʻtildi.

Jumladan, bundan buyon har bir oila muammosi mahalladagi xotin-qizlar faoli tomonidan koʻrib chiqilib, ijtimoiy himoya dasturi roʻyxatiga kiritilgan 70 dan ortiq ijtimoiy yordamlardan tegishlisi aynan mijoz ( oila yoki oila aʼzolarining biriga) muammosidan kelib chiqib koʻrsatiladi. Ish jarayonida murojaatchi muammolari birlamchi va majmuaviy baholash bosqichida aniqlanib, ijtimoiy xizmatlar rejasi tuziladi.

Aytaylik, ehtiyojmand oila yoki murojaatchi bir martalik yordam yoki oson hal qiladigan masala yuzasidan yordam soʻrashi mumkin. Bunday holatlar yuqoridagi qarorga muvofiq ishlab chiqilgan chora-tadbirlar roʻyxatida «past darajadagi xatar» hisoblanadi. Agar muammolar ikki yoki undan ortiq boʻlsa, bu «oʻrta darajadagi xatar» deya baholanadi. Bunga ishga kirish, bolasini bogʻchaga joylashtirish va moddiy yordam olish bilan bogʻliq holatlar misol boʻlishi mumkin. Oilada muammolar toʻrt va undan ortiq ekanligi aniqlansa, yaʼni oilaviy zoʻravonlik, spirtli ichimlikka mukkasidan ketish, ishsizlik, muqim turar-joy yoʻqligi va boshqa shu kabi jiddiy muammolar «yuqori darajadagi xatar»ga kiritiladi.

Mahallada majmuaviy ijtimoiy xizmat koʻrsatish jarayonida mijoz ehtiyojlarini aniqlash, unga tegishli xizmat koʻrsatish hamda belgilangan xizmatlarni koʻrsatuvchi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borishga bevosita MFYdagi xotin-qizlar faoli masʼul hisoblanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, mahallalardagi xotin-qizlar faoli endilikda har bir oila va uning aʼzolari muammolarini kompleks oʻrganib, uning sabab va natijalari ustida ishlaydi. Tegishli tashkilotlar hamkorligida oilaviy muammolarning tizimli ijrosi taʼminlanishini nazoratga oladi.

Yangi tizimni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish maqsadida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika va hududiy shtablar tuzildi. Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda YuNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida poytaxtimizda mamlakatning har bir hududidan 28 nafar tajribali mutaxassislar uchun maxsus oʻquv-malaka kurslari tashkil etildi.

Ana shu oʻquv kursi ishtirokchisi sifatida men ham viloyatning har biri hududida xotin-qizlar faoli, yaʼni keys-menejerlar faoliyatini toʻgʻri tashkillashtirish va samarali ish olib borishlari uchun koʻmaklashishga, davlatimiz rahbari tomonidan oila institutini rivojlantirishga doir belgilab berilgan vazifalarning amaliy isbotini topishi uchun oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman.

 

Gulchehra Joʻrayeva

Fargʻona viloyati oila va xotin-qizlar

boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari.