Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59
Korrupsiyaga qarshi kurash


O‘zbekiston Respublikasi

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining

2022 yil “ 29 ” apreldagi 16–son buyrug‘iga 2-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosati 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Siyosat O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalarida, mahalladagi xotin-qizlar faoli faoliyatida (bundan buyon matnda qo‘mita tizimi deb yuritiladi) halollik siyosatini ta’minlash, ya’ni xodimlar va umuman jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini oshirish maqsadida yuksak xulq-atvor standartlariga muvofiqlik, shuningdek lavozim (xizmat) majburiyatlarini bajarish chog‘ida qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan korrupsiyaviy harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir pozitsiyasini ifodalaydi.

2. Ushbu Siyosat O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni talablari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-son “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son “Davlat organlari va qo‘mita tizimining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari, 2019 yil 27 maydagi PF-5729-son “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaroriga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi xalqaro qo‘mita tizimi tavsiyalari va ilg‘or dunyo tajribasi, jumladan ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash menejmenti tizimi – Talablar va ularni qo‘llashga doir tavsiyalar” xalqaro standarti talablari va tavsiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

3. Qo‘mita tizimi Siyosatni o‘z faoliyati spesifikasidan kelib chiqib qabul qiladi, o‘ziga xos va qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatar va mavjud resurslar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z mexanizmlarini ishlab chiqadi va joriy etadi.

4. Quyidagilar qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy maqsadi hisoblanadi:
Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ichki hujjatlar talablarini tushunish va ularga rioya etilishi;
Qo‘mita tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va korrupsiyaga barham berish;
Qo‘mita tizimining barcha faoliyat sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholining qo‘mita tizimining faoliyati yuzasidan huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
Qo‘mita tizimi xodimlari faoliyatining shaffofligi va xulq-atvor me’yorlariga muvofiqligini ta’minlash;
korrupsiyaviy harakatlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga barham berish, ularning oqibatlari, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash;
Qo‘mita tizimida mavjud korrupsiyaga barham berish.

5. Mazkur Siyosat talablari egallab turgan lavozimi va bajarayotgan funksiyasidan qat’iy nazar qo‘mita tizimining barcha xodimlari uchun birdek amal qiladi.

6. Qo‘mita tizimiga ishga kirayotgan har qanday shaxs mazkur Siyosat bilan imzo chekkan holda tanishishlari, uning qonun-qoidalariga rioya qilishi lozim.

7. Mazkur Siyosatning maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalaniladi:
aloqador shaxslar - qo‘mita tizimi xodimi bilan tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etadigan shaxslar, aksiyalari Respublika fond birjasida ommaviy muomalada bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarining besh foizidan kam bo‘lgan miqdordagi aksiyaga ega ekanligi bundan mustasno;
davlat organlari va muassasalari – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, qo‘mita tizimi (jumladan, vazirliklar, xizmatlar, agentlik, markazlar va b. idoralar) va ularning tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek davlat tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan yuridik shaxslar;
ish faoliyati yuzasidan mehmondo‘stlik belgilari – uchinchi shaxslarning hamkorlik o‘rnatish va/yoki uni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lgan, qo‘mita tizimi xodimlarining sodiqligini oshirishga qaratilgan, qo‘mita tizimi xodimlari manfaatlari yo‘lidagi harajatlari, jumladan uchinchi shaxslarning ovqatlanishi, ish faoliyati yuzasidan tushliklar tashkil etilishi bilan bog‘liq harajatlari, transport harajatlari, yashash, ko‘ngilochar tadbirlar, jumladan sayohat dasturlari bilan bog‘liq harajatlar va h.k.
kontragent – qo‘mita tizimi bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishgan (mehnat munosabatlari bundan mustasno) har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korrupsiyaviy xavf-xatar – qo‘mita tizimi xodimlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan qo‘mita tizimi nomidan yoki ularning manfaatlari yo‘lida korrupsiyaviy harakatlarni amalga oshirish xavfi;
korrupsiyaviy xarakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yo‘lida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor bo‘lishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qog‘oz, boshqa ko‘rinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy harakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda o‘z xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;
korrupsiyaviy huquqbuzarlik – sodir etilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida javobgarlik belgilab qo‘yilgan korrupsiya alomatlariga ega hatti-harakat;
korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi – korrupsiyaviy harakatlarning, O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligi va qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir ichki hujjatlari buzilishining oldini olish, qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan o‘z faoliyatini professional va xulq-atvor jihatdan yuksak darajada amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar;
kronizm (favoritizmning do‘stona aloqalarga asoslangan ko‘rinishi) – do‘stlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat va/yoki obro‘sidan foydalanish;
mansabdor shaxs:
doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs.
manfaatlar to‘qnashuvi — qo‘mita tizimi xodimining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;
mahalliychilik – mahalliy manfatlarnigina ko‘zlab ish tutish. Bunda, shaxsni uning nasliy kelib chiqishi (aslzoda yoki mashhur sulola vakili ekanligi va u jamoatchilik tomonidan e’tirof etilganligi) hamda yaqin qarindoshlarining egallab turgan xizmat mavqei sababli, uning lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga mos kelish-kelmasligini hisobga olmagan holda ishga qabul qilish, rotatsiya qilish va lavozimga tayinlash;
nepotizm (tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik; favoritizmning qarindoshlik rishtalariga asoslangan ko‘rinishi) - o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga noqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) ta’sir o‘tkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va (yoki) do‘stlariga asossiz mukofotlar xisoblash, qo‘mita tizimi manfaatlari zarariga, yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashlar;
rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar – belgilangan tartib-taomillar yoki harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq standart tartiblar amalga oshirilishini ta’minlash yoki tezlashtirish maqsadida tegishli qonunchilik va normativ me’yorlar hamda qoidalarda ko‘zda tutilmagan noqonuniy ravishda taqdim etiladigan pul mablag‘lari, mol-mulk, mulkiy huquqlar, xizmatlar hamda boshqa moddiy va nomoddiy foyda;
urug‘-aymoqchilik – qo‘mita tizimi xodimlarining avlod-ajdodlari bir bo‘lgan, bir sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan subyektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorligi;
favoritizm – qo‘mita tizimi xodimi boshqa shaxs va/yoki shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs va/yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi, qo‘mita tizimida kadrlarni tanlash va joylashtirish, lavozimini ko‘tarish, mukofot puli berish va davlat mukofotlariga tavsiya etish, ta’til berish yoki sihatgohlar va xorijiy safarlarga yuborish, murojaatlar, shuningdek ish va navbatchilik jadvallarini ko‘rib chiqishda ketma-ketlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq vaziyatlarda tartiblarga rioya qilmaslik.
xayriya (xayriya yordami) – yuridik va jismoniy shaxslar (xayriya qiluvchilar)ning muhtojlar uchun bepul yoki imtiyozlar asosida moddiy va/yoki nomoddiy boyliklar, xususan, pul mablag‘lari shaklidagi boyliklarni topshirish, ular uchun ma’lum ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va xayriya maqsadlaridagi boshqa qo‘llab-quvvatlashlarni taqdim etishda namoyon bo‘ladigan ixtiyoriy beg‘araz yordami;
xodim – qo‘mita tizimi bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxs;
homiylik (homiylik yordami) – yuridik va jismoniy shaxslar (homiylar) tomonidan qo‘mita tizimiga ular uchun ishlar bajarib berish, xizmatlar ko‘rsatish va hayriya maqsadlarida boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatish, mol-mulk, jumladan pul mablag‘lari taqdim etish bilan ifodalanadigan yordami hisoblanib, ularning natijasida qo‘mita tizimida homiy oldida o‘zaro majburiyatlar yuzaga keladi;
shafelik – qo‘mita tizimi xodimining lavozimi yuqoriroq bo‘lgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishi;
yaqin qarindoshlar – bir-biriga qarindoshlik yoki yaqin aloqasi bor shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan hamda tutingan aka-ukalar va opa-singillar, er-xotin, farzandlar (jumladan asrab olingan farzandlar), buvalar, buvilar, nabiralar, shuningdek er (xotin)ning ota-onasi, tug‘ishgan va tutingan aka-ukalari va opa-singillari.

2 bob. Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim tamoyillari

8. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimi quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi va faoliyat yuritadi:
qonuniylik – qo‘mita tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or dunyo tajribasi, shuningdek qo‘mita tizimining ichki hujjatlariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi;
korrupsiyaga nisbatan murosasizlik (toqatsizlik) - qo‘mita tizimi o‘z faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning har qanday shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz (toqatsiz) munosabatda bo‘ladi. Qo‘mita tizimi hodimlariga korrupsiyaviy xavf-xatar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan faoliyatda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish qat’iyan taqiqlanadi;
ochiqlik va shaffoflik - qo‘mita tizimi xodimlari va kontragentlari, keng jamoatchilikni qo‘mita tizimida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xabardor qilish (maxfiylik va xizmat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda);
korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning preventiv xususiyatga ega bo‘lishi, tizimliligi va yaxlitligi - korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy harakatlarning sodir etilishiga xizmat qiluvchi sabab va shart-sharoitlar hamda korrupsiyaviy xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning ustuvorligi. Korrupsiyaga qarshi joriy etilayotgan chora-tadbirlar va tartib-taomillar aniqlangan xavf-xatarlar darajasiga mos kelishi va qo‘mita tizimining barcha funksiyalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga birlashtirilishi;
korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi - korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan qo‘mita tizimi xodimlari o‘zining mavqei va egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va qo‘mita tizimining ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi;
ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlari va axborot texnologiyalaridan foydalanish - qo‘mita tizimi korrupsiyaga qarshi kurash tizimini shakllantirishda ilm-fan taraqqiyotining so‘nggi yutuqlaridan, shu jumladan, integratsiyalashtirilgan axborot-kommunikatsiya tizimlaridan keng foydalanishga intiladi;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga murojaat qilish - qo‘mita tizimining har bir xodimi korrupsiyaviy harakat sodir etilganligiga doir ishonchli va asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va qo‘mita tizimining ichki hujjatlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun hududiy bo‘linmalar rahbari hamda qo‘mita tizimidagi rahbarlarga hech qanday to‘siqsiz murojaat qilishi mumkin;
fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorlik – qo‘mita tizimi o‘ziga yuklatilgan funksiyalarni bajarishda ularning faoliyati ustidan mustaqil va xolis nazoratni amalga oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qiladi;
monitoring, tahlil va baholash: qo‘mita tizimi davriy asosda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi faoliyati monitoringi va tahlilini amalga oshiradi, shuningdek uning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarini baholaydi. 
korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish - korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish maqsadida qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini to‘xtovsiz ravishda oshirish choralari ko‘riladi.

3 bob. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari
1-§. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish

9. Qo‘mita tizimi xodimlari o‘z lavozim majburiyatlarini halol va vijdonan bajarishi, o‘z mansab va xizmat mavqeidan va qo‘mita tizimi tasarrufidagi mol-mulklardan shaxsiy manfaatdorlik yo‘lida foydalanmasligi va manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan saqlanishi lozim.
10. Qo‘mita tizimi xodimlari ishga qabul qilinayotganda, lavozimi ko‘tarilayotganda va rotatsiya qilinayotganda har yili va tegishli vaziyatlar/shart-sharoitlar yuzaga kelishiga qarab manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligiga doir axborotni ochiqlashi lozim.
11. Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi va uni tartibga solishga doir axborotni ochiqlash jarayoni qo‘mita tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi to‘g‘risida ichki idoraviy hujjatda belgilab qo‘yiladi.
12. Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash uchun samarali nazorat tartib-taomillari qo‘mita tizimi xodimlarining uchinchi shaxslar bilan o‘zaro aloqasi ro‘y beradigan barcha funksiyalarga joriy etilishi lozim (masalan, tanlov savdolarini tashkil qilish, reytinglarni hisoblash va h.k.).

2-§. Ish yuzasidan sovg‘alar va mehmondo‘stlik belgilarini qabul
qilish

13. Qo‘mita tizimi xodimlariga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi doirasida jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘alar mehmondo‘stlik belgilari, jumladan qarz, kafolatlar, kafillik, mukofot, moddiy yordam, naqd pulsiz va naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalentlari, qimmatbaho qog‘ozlar, kriptovalyuta, boshqa moddiy qadriyatlar yoki xizmatlar ko‘rinishidagi rag‘bat vositalarini olish taqiqlanadi.
Bunda, konferensiyalar, seminarlar va turli shu kabi uchrashuvlarda taqdim etiladigan umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 
1 baravaridan oshmaydigan buyumlar bundan istisno hisoblanadi.
14. Qo‘mita tizimida ichki korrupsiyaning oldini olish maqsadida xodimlar o‘rtasida xizmat majburiyatlarini qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan va xodim shaxsi bilan bog‘liq deb e’tirof etilgan sovg‘alarni berishda quyidagilarga rioya qilinadi:
sovg‘a oluvchi uchun manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatini keltirib chiqarmasligi va sovg‘a beruvchi oldida biror-bir majburiyatlarni yuzaga keltirmasligi lozim;
sovg‘a ochiq-oydin beriladi, sovg‘a berilayotgani yashirilmaydi;
sovg‘ani faqat umume’tirof etilgan bayramlar (tavallud ayyomi, farzand tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Yangi yil va h.k) munosabati bilan berishga ruxsat etiladi;
sovg‘alar qo‘mita tizimining kamida uchta xodimi ishtirokida berilishi lozim;
sovg‘ani berish chog‘ida sovg‘a berish uchun sabab bo‘lgan voqea-hodisa aniq bayon etiladi;
sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliq va yig‘imlar bilan birga) bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobaridan oshmasligi lozim;
qo‘mita tizimining bir xodimi ikkinchi xodimga sovg‘a olish uchun sarflaydigan summa miqdori har holatda bazaviy hisoblash miqdorining 
1 (bir) barobaridan oshmasligi lozim.
15. Shubha (gumon)lardan holi bo‘lish uchun har qanday bayramlar (jumladan, lekin cheklanmagan holda tug‘ilgan kun, farzand tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Yangi yil va h.k) munosabati bilan mazkur Siyosatning 13 va 14-bandlarida keltirib o‘tilmagan boshqa davlat organlari va tashkilot xodimlari, hamkorlar va kontragentlar, boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan mazkur Siyosatning 13-bandida sanab o‘tilgan sovg‘alar va moddiy boyliklar olish taqiqlanadi.
16. Qo‘mita tizimi nomidan xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa ish yuzasidan (xizmat) uchrashuvlarida sovg‘alar berish rahbar buyrug‘iga ko‘ra amalga oshiriladi.
17. Sovg‘a berish, uni qabul qilishning qonuniyligida shubha tug‘ilgan taqdirda qo‘mita tizimi xodimi qo‘mita tizimida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bosh mutaxassisiga maslahat so‘rab murojaat qilishi lozim.
3-§. Qo‘mita tizimi xodimlarining ish faoliyati yuzasidan
o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishi

18. Qo‘mita tizimi xodimlarining xalqaro va boshqa tashkilotlar taklifiga ko‘ra ish faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan tadbirlari (ko‘rgazmalar, seminarlar, konferensiyalar va h.k.)da ishtirok etishiga quyidagi shartlarga rioya qilgan taqdirda ruxsat etiladi:
tadbir O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, mazkur Siyosat tamoyillari va talablari hamda qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlariga mos kelsa;
tadbir qo‘mita tizimi yoki taklif etgan tomonning qonuniy manfaatlariga xizmat qilsa;
tadbir qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan u yoki bu qarorlar qabul qilinishiga ta’sir qilmasligi, biror-bir noqonuniy afzalliklarni qo‘lga kiritishni (masalan, buyurtmachilarga tadbirni o‘tkazayotgan loyiha-tadqiqot qo‘mita tizimiga murojaat qilishni tavsiya qilish) ko‘zlagan yashirin noqonuniy mukofotlash maqsadi bo‘lmasligi lozim;
Tadbir bunday tadbirda ishtirok etishga doir ma’lumotlar oshkor qilingan taqdirda qo‘mita tizimi va taklifni qabul qiluvchi yoki taklif etayotgan tomon mavqei uchun xatar tug‘dirmasligi lozim;
Tadbir umume’tirof etilgan ilmiy va ishbilarmonlik amaliyotiga mos kelishi hamda ko‘ngilochar mazmundagi xususiyat kasb etmasligi lozim;
Tadbir mohiyati va qiymatiga ko‘ra o‘rinli bo‘lishi, haddan ziyod hashamatli, qimmat, g‘ayriodatiy bo‘lmasligi va tez-tez takrorlanib turmasligi lozim.
19. Agar ishbilarmonlik tadbirlari (seminar, simpozium, davra suhbatlari va h.k.) tashkilotchisi qo‘mita tizimining o‘zi bo‘lsa, u holda bunday ishbilarmonlik tadbiri ushbu siyosatda qayd etilgan talablarga mos kelishi lozim.

4-§. Kadrlar bilan bog‘liq jarayonni tartibga solish (xodimlarni
tanlash, lavozimini oshirish, moddiy rag‘batlantirish)

20. Qo‘mita tizimi xodimlarini tanlash, attestatsiyadan o‘tkazish va ularning faoliyatini baholash, jumladan mukofot, ustamalar va rag‘batlantirishning boshqa turlarini amalga oshirish jarayoni barcha xodimlar uchun shaffof, teng huquqli va xolis hisoblanib, mazkur Siyosatning asosiy tamoyillari va talablariga mos kelishi lozim.
21. Nomzodlarni qo‘mita tizimiga tanlash va tayinlash jarayoni – 
Nomzodlarni qo‘mita tizimiga qabul qilish uchun tekshirish bo‘yicha qo‘llanma va qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlariga, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibiga muvofiq kompleks ravishda tekshirish bilan birga amalga oshiriladi.
22. Qo‘mita tizimida xodimlarga oid masalalarda qaror qabul qiluvchi xodimlarning lavozimini oshirganda, lavozimga tayinlanganda, kadrlar zahirasiga qo‘shganda va h.k.larda nomzod (xodim)larga har qanday asossiz imtiyozlar taqdim etishi taqiqlanadi.
23. Bo‘sh lavozimlarga saralab olish egallanayotgan lavozimga qo‘yiladigan talablarga muvofiq tanlov asosida yoki boshqa usul yordamida amalga oshirilishi lozim. Bunda nomzodning malakasi, kasbiy va ilmiy yutuqlariga asosiy e’tibor qaratiladi.
24. Qo‘mita tizimida xodimlar faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlarini baholash tartibi va mezonlari ishlab chiqilishi va xodimlar uning asosida rag‘batlantirilishi lozim. Mazkur ko‘rsatkichlar xolis, shaffof va qo‘mita tizimi xodimlari tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lishi lozim.

5-§. Tekshiruvlar o‘tkazish hamda davlat organlari va tashkilotlari
faoliyatini o‘rganish

25. Turli tekshiruvlar, o‘rganishlar, monitoring o‘tkazishda (keyingi o‘rinlarda – tekshiruv obyektlari) qo‘mita tizimi xodimlari:
manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligi;
tekshiruv, o‘rganish, monitoring obyekti tekshiruvi, o‘rganishi, monitoringini yakka o‘zi amalga oshirmasligi;
tekshiruv, o‘rganish, monitoring obyektiga tashrif buyuruvchilar yoki ularning vakillari Qo‘mita, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalariga shaxsan tashrif buyurganda ular bilan yolg‘iz qolmasligi;
yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarni soxtalashtirish maqsadida tekshiruv, o‘rganish o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik normalarini noto‘g‘ri talqin qilmasligi, tekshirilayotgan obyekt xodimlarini aniqlangan faktlarni huquqni muhofaza qilish yoki boshqa davlat organlariga topshirish bilan qo‘rqitmasligi;
tekshiruv, o‘rganish, monitoring obyekti xodimlariga tahdid qilmasligi;
hujjatlarni so‘rab olish va tekshiruv, o‘rganish, monitoring predmetiga kirmaydigan masalalar bilan qiziqmasligi lozim;
tekshiruv, o‘rganish, monitoring davomida aniqlangan har bir qoidabuzarlikning qonuniy va professional baholanishini ta’minlashi;
qoidabuzarliklarning video yoki fotoqaydini amalga oshirishi (o‘rni kelganda), qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan foydalaniladigan axborot tizimlariga qoidabuzarliklarga oid ma’lumotlarni kiritishi;
agar tekshiruv, o‘rganish, monitoring obyekti vakillari qo‘mita tizimi xodimiga aniqlangan qoidabuzarliklarni yashirish maqsadida pora yoki har qanday moddiy boyliklar yoki xizmatlar taqdim etayotgan bo‘lsa, bu haqida tekshiruv bo‘yicha ishchi guruh rahbariga va Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat boshqarmasiga zudlik bilan xabar berishi;
tekshiruv, o‘rganish, monitoring obyekti vakillariga qo‘mita tizimi xodimlarining xulq-atvor tamoyillariga muvofiq xolis munosabatda bo‘lishi shart.
26. Qo‘mita tizimi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, o‘rganishlar va monitoring natijalari yuzasidan kelib tushgan e’tirozlarni ko‘rib chiqish uchun komissiya tashkil etiladi.

6-§. Vakolatli davlat organlari, kontragentlar va uchinchi shaxslar
bilan shaffof va samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlash

27. Qo‘mita tizimi mazkur Siyosat tamoyillari va talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik normalariga zid har qanday to‘lovlarni yoki harakatlarni amalga oshirish uchun yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa uchinchi shaxslarni jalb qilmaydi.
28. Kontragentlar bilan munosabatlarda qo‘mita tizimi qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladi.
29. Qo‘mita tizimida obyektiv mezonlardan foydalanishga asoslangan yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa kontragentlarni tanlashning halol, ochiq va shaffof jarayoni, shuningdek sotib olinayotgan tovar va xizmatlar qiymatini belgilashning shaffof tartibi joriy etilib, ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va qo‘mita tizimining ichki xujjatlari bilan tartibga solinadi.
30. Kontragentlar bilan o‘zaro hamkorlikda qo‘mita tizimi: 
Qo‘mita tizimida kontragentlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq potensial kontragentning ishonchliligi, jumladan u o‘tmishda korrupsiyaviy faoliyatga jalb qilingan yoki qilinmaganligi, Qo‘mita tizimi xodimlari bilan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud yoki mavjud emasligini tekshiradi;
potensial kontragent, jumladan xarid tartib-taomillari g‘olibini u bilan shartnoma matniga maxsus korrupsiyaga qarshi shartlarni qo‘shish orqali o‘zining korrupsiyaga qarshi tamoyil va talablari haqida xabardor qiladi.
31. Vakolatli davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda (masalan, litsenziya berish, ixtisoslashtirilgan kengashlarda ishtirok etish, turli hujjatlar, obyektlarni kelishishda va h.k) Qo‘mita tizimi hujjatlarni ko‘rib chiqishning shaffofligi va xolisligini ta’minlaydi hamda zarur hollarda mazkur davlat organlari tomonidan salbiy va boshqa xulosalarga kelish sabablari xususida qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qiladi.

7-§. Xayriya va homiylik faoliyatining shaffof va samarali
jarayonini ta’minlash

32. Qo‘mita tizimi qonunchilik bilan belgilangan holatlarda xayriya va homiylik yordamini qabul qilishi mumkin. Bunday yordamni olishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki shartnomada ko‘rsatilgan maqsadlarga samarali va maqsadli yo‘naltirilishini ta’minlash, shuningdek xayriya va homiylik faoliyatiga doir axborotni Qo‘mita tizimining Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida ochiqlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
33. Qo‘mita tizimi tomonidan qabul qilinayotgan xayriya yoki homiylik yordami yashirin mukofot tarzida bo‘lmasligi va Qo‘mita tizimining alohida xodimlari tomonidan xayriya qiluvchi yoki homiy, uning yaqin qarindoshlari, ularga aloqador shaxslar, shuningdek xayriya qiluvchi yoki homiyda ularga nisbatan shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan shaxslar foydasiga qaror qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.
34. Qo‘mita tizimi tomonidan xayriya yoki homiylik yordamini olishda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
xayriya qiluvchi yoki homiy bilan albatta shartnoma tuzish va unda xayriya
yoki homiylik yordamini olish va undan foydalanish maqsadlari, yordam shakllari, yordamning pul ifodasidagi summasi, xayriya qiluvchi yoki homiy oldida kelib tushgan yordamdan maqsadli foydalanish to‘g‘risida hisob berish usuli belgilab qo‘yilishi lozim;
bunday shartnomaga korrupsiyaga qarshi shartlarni kiritish;
Qo‘mita tizimining Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida olingan xayriya yoki homiylik yordamiga doir axborotni joylashtirish.

8-§ Ichki hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi

35. Ichki hujjatlarning huquqiy ekspertizasini o‘tkazishda Qo‘mita tizimining yuridik xizmati korrupsiyaviy harakatlarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratuvchi korrupsiyaviy omillar mavjudligi va ularni hujjatlardan chiqarib tashlash maqsadida ekspertiza o‘tkazadi.

9-§ Qo‘mita tizimi faoliyati sohasiga yangi texnologiyalarni joriy
etish

36. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish maqsadida Qo‘mita  tizimi xodimlari o‘z funksiyalari va lavozim majburiyatlarini axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiradi (agar imkoni mavjud bo‘lsa).
37. Davlat xaridlari doirasida tanlov savdolarini o‘tkazishda Qo‘mita tizimi xodimlari axborot texnologiyalaridan foydalanadi va tanlov savdolari ishtirokchilari bilan o‘zaro aloqani elektron shaklda onlayn rejimida boshqa elektron tizimlar bilan integratsiya qilish imkoniyatini qo‘llagan holda amalga oshiradi.

10-§ Qo‘mita tizimidagi faoliyatni videoqayd qilish va uning
translyatsiyasi

38. Qo‘mita tizimi binolarida xodimlar faoliyatini nazorat qilish maqsadida audio va videoyozuv kameralari o‘rnatilib, ulardagi yozuvlar Qo‘mita tizimining mas’ul xodimlari tomonidan ko‘rib boriladi.
39. Qo‘mita tizimining Internet tarmog‘idagi rasmiy saytlarida korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan ayrim jarayonlarning onlayn translyatsiyasi joylashtiriladi (xususan, xodimlar bilan suhbat o‘tkazish, ularni testdan o‘tkazish, komissiyalar yig‘ilishlari va h.k.).


4 bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi elementlari

11-§ Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim ichki hujjatlar
Mavjudligi

40. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi asosini: 
mazkur Siyosat;
Qo‘mita tizimi xodimlarining odob-ahloq qoidalari;
Qo‘mita tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda aks ettirilgan tamoyillar va talablar tashkil etadi.
41. Qo‘mita tizimi rahbarlari xodimlarga oliy rahbarlik namunasini ko‘rsatishi lozim.
42. Qo‘mita tizimi rahbari va uning o‘rinbosarlari, shuningdek qo‘mita tizimi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari o‘ziga bo‘ysunuvchilar, fuqarolar va yuridik shaxslarga nisbatan munosabatlarda halol, odil va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishi va shu orqali ularda korrupsiyaviy harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
43. Qo‘mita tizimi rahbari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek qo‘mita tizimi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari Qo‘mita tizimi faoliyatining xavf-xatar funksiyalari (yo‘nalishlari)ga korrupsiyaga qarshi samarali chora-tadbirlar va tartib-taomillarni joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini barpo etish va amalga oshirishga nisbatan liderlikni namoyish qiladi.

12-§. Korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash

44. Qo‘mita tizimi o‘z faoliyatiga xos korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashni tashkiliy tuzilmalar funksiyalarining xususiyati, jamiyat va boshqa shaxslar bilan o‘zaro munosabatlar, shuningdek Qo‘mita tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq tashqi va ichki omillarni hisobga olgan holda amalda oshiradi.
45. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bir yilda bir martadan kam bo‘lmagan vaqtda o‘tkaziladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari Qo‘mita tizimining rahbari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Aniqlangan xavf-xatarlarni minimallashtiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar va tartib-taomillar Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi dastur yoki yo‘l xaritalarida aks ettiriladi.

13-§. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul

46. Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini shakllantirish uchun alohida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tashkil etiladi.
47. Qo‘mita tizimida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi o‘z faoliyatini Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiradi va bevosita Qo‘mita tizimi rahbariga (Qo‘mita tizimi hay’atiga) bo‘ysunadi.
48. Qo‘mita tizimi rahbari Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasini Qo‘mita tizimi korrupsiyaga qarshi vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli darajadagi mustaqillik va zarur resurslar bilan ta’minlaydi.
49. Qo‘mita tizimining kadrlar boshqarmasi (bo‘limlari) Qo‘mita tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalarida ko‘zda tutilgan tartib va hajmda xodimlarning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarga doir ma’lumotlarning tizimli va o‘z vaqtida yig‘ilishi, tahlil qilinishi va aktuallashtirilishi uchun javob beradi.
50. Qo‘mita tizimining barcha muassasalarida alohida Odob-ahloq komissiyalari faoliyat yuritadi.
51. Qo‘mita tizimidagi Odob-ahloq komissiyalari Qo‘mita tizimidagi xodimlarning etik xulq-atvor qoidalari bilan belgilangan xulq-atvor me’yorlariga rioya qilish masalalarini ko‘rib chiqadi, shuningdek Qo‘mita tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq vaziyatlarni tartibga solish jarayonida ishtirok etadi.

14-§ Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi siyosati to‘g‘risida
xodimlar va uchinchi shaxslarning xabardorligini ta’minlash

52. Qo‘mita tizimi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qisqartirish va jamiyat xabardorligini oshirish maqsadida mazkur Siyosat va o‘zlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarga oid asosiy axborotlarni rasmiy veb-saytlarida joylashtiradi.
53. Qo‘mita tizimi barcha kuch va imkoniyatlarini xodimlari va boshqa manfaatdor shaxslarga quyidagilar orqali O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi qonunchiligi normalari, shuningdek joriy etilgan korrupsiyaga qarshi tamoyillar, chora-tadbirlar va talablar to‘g‘risida xabar berish va ularni tushuntirishga sarflaydi:
Qo‘mita tizimi rahbariyati tomonidan elektron manzil va boshqa aloqa vositasi orqali Qo‘mita tizimida xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi qabul qilingan normalar va talablarga rioya qilinishi muhim ekanligiga doir doimiy xabarlar yuborish;
Qo‘mita tizimi xodimlarini Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘qitishga doir rejaga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari bo‘yicha muntazam va tizimli ravishda bir yilda kamida bir marta o‘qitilishi hamda testdan o‘tkazilishini ta’minlash;
Yangi xodimlarni ishga qabul qilayotganda ushbu Siyosat va Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir boshqa ichki hujjatlari bilan albatta tanishtirgan holda, ular uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha majburiy kurslarni tashkil etish;
Qo‘mita tizimidagi korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar uchun korrupsiyaga qarshi o‘qitishning qo‘shimcha dasturlari belgilanadi.
O‘tkazilgan o‘quv kurslari/treninglarga oid ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda Qo‘mita tizimining Kadrlar bo‘limida saqlanadi;
mavzuga doir audio va videoroliklar hamda Qo‘mita tizimi xodimlari va fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashish va ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan boshqa axborot materiallaridan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi kampaniyalar tashkil qilish;
mazkur Siyosat qoidalarini qo‘llash yoki korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar va tartib-taomillarni amalga oshirish bilan bog‘liq savollar tug‘ilganda, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Qo‘mita tizimi xodimlariga maslahatlar berish;
tasdiqlangan reja asosida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi xulq-atvorni faol tarzda targ‘ib qilish;
Qo‘mita tizimi xodimlari mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi qoidalarni kiritish. Qo‘mita tizimi mazkur Siyosat kuchga kirgan vaqtdan boshlab qo‘mita tizimining yangi xodimlari bilan tuziladigan, shuningdek shartlarni qayta ko‘rib chiqish doirasida xodimlarning amaldagi mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi qoidalarni kiritadi;
Qo‘mita tizimi kontragentlari, hamkorlari, xayriya qiluvchilari, homiylari bilan tuziladigan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni kiritish. Korrupsiyaga qarshi shartlar mazkur Siyosat kuchga kirgan vaqtdan boshlab Qo‘mita tizimining yangi kontragentlari, hamkorlari, xayriya qiluvchilari, homiylari bilan tuziladigan shartnomalarga kiritiladi. Korrupsiyaga qarshi shartlar Qo‘mita tizimining barcha shartnomalariga kiritiladi (elektron do‘kon, elektron auksion orqali xarid natijalari bo‘yicha va davlat tabiiy monopoliyalari (pochta, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, suv ta’minoti, temir yo‘llari, havo yo‘llari va h.k.) bilan tuziladigan shartnomalar bundan mustasno). Korrupsiyaga qarshi shartlar mazkur Siyosat qabul qilinishidan oldin tuzilgan shartnomalarga shartlarni qayta ko‘rib chiqish doirasida yoki tashabbusga ko‘ra kiritiladi.

15-§ Monitoring, nazorat va hisobdorlik

54. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul Qo‘mita tizimida amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning doimiy monitoringi, nazorati va ularning samaradorligi, yetarliligi va mutanosibligini baholanishini amalga oshiradi. O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini shakllantirishga doir tegishli chora-tadbirlar qabul qilinadi.
55. Monitoring va nazorat Qo‘mita tizimida Korrupsiyaga qarshi tartib- taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyotiga va Qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
56. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi monitoringi quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim:
Qo‘mita tizimi faoliyati funksiyalari va o‘ziga xos jihatlari, uning tashkiliy-funksional tuzilmasi hamda boshqa tashqi va ichki omillaridagi o‘zgarishlarning Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi va uni to‘g‘irlash zarurati, jumladan uning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligini ta’minlashga ta’siri tahlili;
O‘zbekiston Respublikasining faoliyatida qo‘llaniladigan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligi va hokimiyat organlari tavsiyalarining monitoringi;
xalqaro va xorijiy tajribadan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizimni yaratish va qo‘llab-quvvatlash masalalariga doir tavsiyalar monitoringi;
ommaviy axborot vositalarining Qo‘mita tizimi yoki xodimlari korrupsiyaviy harakatlarga jalb qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek Qo‘mita tizimi kontragentlari yoki hamkorlari to‘g‘risida xuddi shunday ma’lumotlar mavjudligi yuzasidan monitoring;
samarasiz nazoratlar va tartib-taomillarni aniqlash uchun ularni takomillashtirish hamda korrupsiyaga qarshi tizim ishonchliligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida tanlov asosida Qo‘mita tizimining ichki jarayonlari va funksiyalarini monitoring qilish;
Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi dasturi yoki yo‘l xaritasi bandlari bajarilishining to‘liqligi va samaradorligini monitoring qilish;
Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan qabul qilingan korrupsiyaga qarshi talablar va joriy etilgan tartib-taomillarga rioya qilinishini tekshirish;
Qo‘mita tizimi xodimlarining korrupsiyaga qarshi asosiy tamoyillar va talablar to‘g‘risida xabardorligini tekshirish;
57. Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligi (korrupsiyaviy xavf-xatarlar mavjud emasligi) korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini ichki auditini o‘tkazish, jumladan Qo‘mita tizimida belgilangan talablar va tartib-taomillarga rioya etilishini nazorat qilish orqali tekshiriladi.
58. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish tadbirlari yakunlari va natijalari korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati haqidagi hisobotlarida aks ettiriladi. Hisobotlarni shakllantirish va taqdim etish tartibi Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati haqidagi hisobotlarini shakllantirish va taqdim etish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatda mustahkamlab qo‘yiladi.

16-§. Javobgarlik

59. Mazkur Siyosatga mos kelish va Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi talablari va tartib-taomillariga rioya qilish har bir xodimning o‘z lavozim majburiyatlarini bajarish doirasidagi majburiyati hisoblanadi. Xodimlar mazkur Siyosat va Qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlarida belgilab qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga oid talablar va tartib-taomillarni buzganligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
60. Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik (toqatsizlik) tamoyiliga amal qilgan holda Qo‘mita tizimining barcha xodimlariga bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki vositachilar orqali har qanday korrupsiyaviy harakatlarda ishtirok etish qat’iyan man etiladi, ya’ni: o‘z mansab va xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanish, shuningdek xizmat mavqei va vakolatlarini suiste’mol qilish maqsadida har qanday shaxslardan noqonuniy foyda talab qilish, so‘rab olish yoki so‘rash, olishga rozilik berish yoki olish, shuningdek xodim tomonidan o‘z lavozim mavqeidan Qo‘mita tizimining qonuniy manfaatlariga zid ravishda, jumladan o‘zi va uchinchi shaxslar uchun noqonuniy foyda olish maqsadida noqonuniy foydalanish;
davlatning mansabdor shaxsi yoki boshqa har qanday shaxsga uning harakatlariga ta’sir o‘tkazish (harakatsizligini ta’minlash) va/yoki shaxs, jumladan Qo‘mita tizimi manfaatlari yo‘lida noqonuniy afzalliklarni qo‘lga kiritish maqsadida lavozim majburiyatlarini noqonuniy tarzda bajarishga undash, noqonuniy foyda (pora, poraxo‘rlik)ni taklif qilish, va’da berish, bunga ijozat berish, taqdim etish; 
rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar undirish, olish yoki amalga oshirish;
poraxo‘rlik yoki tijoriy poraga olishda vositachilik qilish, jumladan pora oluvchiga noqonuniy foydani topshirish yoki pora oluvchi yoki beruvchiga ular o‘rtasida noqonuniy foydani olish va berish bo‘yicha kelishuvga erishishda yordam berish;
Qo‘mita tizimi xodimlarining korrupsiya belgilari mavjud bo‘lgan yoki uni sodir etish, jumladan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelishiga xizmat qiluvchi boshqa harakatlari yoki harakatsizligi.
61. Xodimlar o‘z rahbari va Qo‘mita tizimining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ullariga ularni korrupsiyaviy harakatlarini sodir etishga undash maqsadida murojaat qilgan shaxslar bilan bog‘liq, shuningdek ularga ma’lum bo‘lgan boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy harakatlarga oid barcha holatlar to‘g‘risida xabar berishi lozim.
62. Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik (toqatsizlik) tamoyilini hisobga olgan holda Qo‘mita tizimida xodimlar tomonidan korrupsiyaviy harakatlar sodir etilganligiga doir har bir asosli gumon bo‘yicha Qo‘mita tizimida xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha reglament va boshqa ichki hujjatlarda ko‘zda tutilgan tartibda hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
63. Mazkur Siyosat, korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari va/yoki Qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarni buzgan Qo‘mita tizimi xodimlari lavozimi, xizmat muddati va boshqa omillardan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Qo‘mita tizimining ichki  hujjatlari doirasida va ularda ko‘zda tutilgan asoslar bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
64. Korrupsiyaviy harakatlar aniqlangan taqdirda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilma ularni yuzaga kelish sabablari va imkoniyatlarini tahlil qiladi va doimiy ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtiradi.
65. Ichki tekshiruvlar natijalari doimiy ravishda rahbarga, Qo‘mita tizimi hay’ati va Qo‘mita tizimining tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga taqdim etiladi.
    66. Qo‘mita tizimi korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni aniqlash va tergov qilish uchun huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.

5 bob. Korrupsiyaviy harakatlarga doir xabarlar

67. Qo‘mita tizimi xodimlarining harakatlari qonuniyligi yoki etikaga mosligi yuzasidan shubha, korrupsiyaviy harakatlar yoki boshqa qoidabuzarliklar bilan bog‘liq taxminlar yoki sodir etilganligiga oid asosli gumonlar yuzaga kelgan taqdirda ular haqida Qo‘mita tizimining umumfoydalanuvidagi aloqa kanallari orqali ochiq xabar berilishi mumkin.
68. Qo‘mita tizimi o‘z vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida qoidabuzarlikka oid asosli axborotni taqdim etgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlaydi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.
69. Qo‘mita tizimi o‘z xodimlari manfaatlarini himoya qiladi va boshqa xodimlarning shubhali xulq-atvori yoki mazkur Siyosatning korrupsiyaga qarshi kurashish talablari buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqida vijdonan xabar bergan xodimlarga nisbatan ishdan bo‘shatish, lavozimini tushirish, diskriminatsiya, zulm o‘tkazish, ta’qib qilish singari o‘ch olish harakatlariga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlaydi.
70. Qo‘mita tizimining aloqa kanallari orqali kelib tushgan barcha xabarlar Qo‘mita tizimi mas’ul shaxslari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Qo‘mita tizimidagi korrupsiyaviy harakatlar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqishga oid ichki hujjatlar va Qo‘mita tizimining boshqa ichki hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqiladi.
71. Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan ataylab yolg‘on xabar yuborish mazkur Siyosat talablarini buzish va etikaga zid xulq-atvor namunasi sifatida baholanadi, bu haqida xabar bergan shaxs esa o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Qo‘mita tizimining ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tizimida 
Korrupsiyaga qarshi qoidalarining 
ASOSIY  SHARTLARI

1. Xodim oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganida, korrupsiyaviy xatti-harakatlarda qatnashmaslik, shu jumladan gʻayriqonuniy imtiyozlarni olish yoki boshqacha tarzda gʻayriqonuniy maqsadlarda oʻzining yoki boshqa shaxslarning harakatlari yoki qarorlariga taʼsir qilish uchun pul mablagʻlari yoki boshqa qimmatliklar koʻrinishida:
pora olmaslik, pora taklif qilmaslik;
vaʼda bermaslik, pul toʻlamaslik, tovlamachilik qilmaslik;
bevosita yoki bilvosita pora olishga rozilik bermaslik;
biron-bir shaxs foydasiga yoki biron-bir shaxs xizmatlaridan foydalanmaslik;
mol-mulk yoki mulkiy huquqlarni olmaslik;
oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilmaslik majburiyatini oladi.
2. Xodim atrofdagi shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni sodir etish yoki unda qatnashishga tayyorgarlik koʻrish sifatida  baholanishi mumkin boʻlgan hulq-atvordan oʻzini tiyishi shart.
3. Xodim Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqishini oldini olish choralarini koʻrishi va manfaatlar toʻqnashuvi yoki uning kelib chiqish ehtimoli haqida  oʻziga maʼlum boʻlishi bilan darhol ish beruvchini yoki uning oʻrnini bosadigan  shaxslarni xabardor qilishi shart.
  4. Xodimlar orasida shaxsiy yoki boshqa shaxslarnig manfaatlarini koʻzlab, xizmat majburiyatlaridan chetga chiqqan holda boshqa xodimlarnig professional ish faoliyatiga aralashish, maʼlumot soʻrash hamda qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatish holatlari yuzaga kelganda Qoʻmitaning ichki hujjatlariga muvofiq darhol quyidagi aloqa kanallari orqali:
  “71.202-10-59” murojaatlar boʻlimi;
  Qoʻmita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koordinatorning uyali telefon raqamiga (97-771-39-80) xabar qilish lozim.
  5. Xodim Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Agentlikning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan korrupsiyaga qarshi talablarni buzgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi. 
    
  Tanishdim:   __________________________          _________________             
               xodimning  FISh                                                 imzo

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning roli 
va faolligini oshirish

Darhaqiqat, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda.
Aynan mazkur islohotlar amalga oshirilishi doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi. Bu oʻz oʻrnida, iqtisodiyotni yanada oʻstirish, xalq farovonligini oshirish borasidagi vazifalarni hal etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Dastlab, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020 yil 
29 iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 4761-sonli qarori imzolandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi isloxotlarning davomchisi sifatida 2021 yil 6 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 5177-sonli qarori rasman eʼlon qilindi. 
Va mazkur qarorga muvofiq barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, shu jumladan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi markaziy apparati tarkibida ham korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasi tashkil etildi.
Hozirgi kunda, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishi boʻyicha Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, uning hududiy va tarkibiy boʻlinmalari ish faoliyatida korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻymaslik va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan:
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tizimi xodimlarining Odob-axloq qoidalari;
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tizimida Korrupsiyaga qarshi qoidalarining asosiy shartlari;
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Siyosati kabi ichki hujjatlar ishlab chiqildi va Qoʻmita tizimidagi hududiy boʻlinmalarga ijro va nazorat uchun yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 
14 iyun kuni “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 154-sonli farmon imzolandi.  
Mazkur farmonga koʻra, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida Qoʻmitaning rasmiy veb-sayti sahifasi yaratildi, bugungi kunda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jarayonlari haqida maʼlumotlar va axborotlar rasmiylashtirilib, ushbu veb-sayt orqali muntazam ravishda yoritib borilmoqda.    
Shu bilan birga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi va uning oʻrinbosarlari, Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari hamda Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilib, 
2022 yil 20 iyundan 10 iyulga qadar respublika boʻylab, Qoʻmita tizimidagi barcha  xodimlar oʻrtasida qonun va qonunosti meʼyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish tartiblari, xizmat faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi va  korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik mavzularida maʼruzalar oʻqilib, keng qamrovli targʻibot va tushuntirish ishlari olib borildi.               
Shuningdek, joriy yilning 13-14 iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMT TD) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish va faolligini oshirish” mavzusi boʻyicha trening tashkil etildi. Va mazkur oʻtkazilgan trening mashgʻulotlari jarayonida ishtirok etgan Qoʻmita tizimining hududiy rahbarlari xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda oʻz bilimlarini oshirib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning oʻrni hamda faolligini yanada kuchaytirilishiga samarali xissalarini qoʻshadi. 

Zulayxo Mahkamova  Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat 
qoʻmitasi raisi