• Телефон:+998 (71) 239-40-42
  • Манзил: Тошкент шаҳар, Навоий кўчаси 30 уй
  • Ишонч телефони: 1146
  • Иш кунлари: Душанба-Жума, 9:00-18:00

Тест режими

Меню

Шарапова Муҳаббат Араповна

O‘zbekiston qahramoni

2015-yilning avgust oyi. Muhabbat opaning qo‘l telefoni jiringladi. Qo‘ng‘iroq bo‘lishini intiqlik bilan kutayotgan ustoz o‘quvchisi Saydali Murodullayev g‘olib bo‘lganini eshitib, quvonchdan yig‘lab yubordi: “Barakalla, o‘g‘lim! Ota-onangga rahmat! Men senga ishongan edim. Vatanimiz sharafini ulug‘lagan bo‘ylaringdan aylanay!..” 

Saydali Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro yosh matematiklar olimpiadasida 39 davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida 2-o‘rinni egallagan edi. Uning bu muvaffaqiyati ustozi Muhabbat Sharapovaning uzoq yillik mehnati samarasidir. Opa bola kabi quvonar, mustaqillik bergan baxtdan, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan ko‘ngli masrur edi. Axir, oddiy bir qishloq bolasi dunyoning eng iste’dodli yosh matematiklari qatorida e’tirof etilishini ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmasdi-da!.. 

Ustoz sobiq tuzum davridagi o‘qituvchilik yillarini juda yaxshi eslaydi. U paytlar o‘quvchilari fan olimpiadasining shahar bosqichidan ham o‘ta olmagan. Ular bellashuvda g‘olib bo‘lar, ammo ro‘yxatda oxirgi o‘rinlarda turardi. Bunga chidolmagan Muhabbat opa adolat istab ne-ne eshiklarni “taqillatmadi”, ba’zan mutasaddilar bilan “sen-menga” bordi, hatto bir safar ishidan ham ayrildi... 

– Mustaqillik barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub burilish yasadi, farzandlarimizning zamonaviy bilim olishi, hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun barcha sharoit yaratildi. O‘qituvchining ijtimoiy mavqei yuksaldi, – deydi Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharapova. – Birinchi Prezidentimizning 2005-yil 25-noyabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish va uni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘qituvchilarni yanada izlanish va tashabbuskorlikka undadi, ta’lim jarayonini sifat va samaradorligi jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bugungi o‘qituvchi mashg‘ulotni faqat kitob bilan emas, ma’ruza matni, slaydlar, tarqatmalar, ko‘rgazmali vositalar yordamida, qo‘lida pult, noutbuk, fleshka va boshqa zarur jihozlar bilan o‘tadi. Darsni bunday tashkil etish bugungi kun talabi, istiqlol yaratgan sharoit va imkoniyatlar samarasi. Ilgari ham bilimli, tajribali va jonkuyar pedagoglar bo‘lgan. Lekin ularning o‘zi ham, mehnati ham qadr topmagan. Soha xodimlariga bugungidek e’tibor va rag‘bat ko‘rsatilmagan. O‘zimdan misol. Ta’lim-tarbiya sohasidagi samarali faoliyatim e’tirof etilib, Birinchi Prezidentimiz farmoniga muvofiq 1996-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2007-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida davlatimizning oliy mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni degan sharafga munosib ko‘rildim. Ayting, o‘qituvchi va murabbiy qachon shu qadar e’zozlangan, qadr topgan?! 

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor opani ham o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, izlanishga undadi. G‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. 2002-yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-sinfi geometriya darsligi bo‘yicha o‘qituvchilar uchun yangi o‘quv dasturiga asoslangan uslubiy qo‘llanma yaratishda ishtirok etdi. “Modul belgisi qatnashgan tenglama va tengsizlik hamda funksiya grafiklari”, “Matematika chuqur o‘rganiladigan sinflarda puxta bilim berish samarasi”, “Trigonometriya tarixi haqida ma’lumot”, 5-sinf matematika darsligiga ilova tarzida moslashtirilgan “Masalalar to‘plami”, “Matematika chuqur o‘rganiladigan sinflarda “Ko‘phadlar” va “Funksiyalar boblarini o‘tish” kabi uslubiy qo‘llanmalari viloyat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ommalashtirildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan matematika fani o‘qituvchilariga yangi darsliklarning uslubiy usullarini yetkazish bo‘yicha bir qancha seminarlar tashkil etishga turtki bo‘ldi. 

– Bugungi o‘quvchi juda faol va qobiliyatli. Uni biror mavzuga osonlikcha qiziqtirib bo‘lmaydi, – deydiQarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internati direktori N.Xalilova. – Shu bois Muhabbat Sharapova har bir darsni ko‘rgazmali qurollar, texnika vositalari, kartochkalar asosida interfaol usulda olib borishga harakat qiladi. Noan’anaviy usullardan foydalanilsa, bolalar darsni ishtiyoq bilan tinglaydi, fanga qiziqishi yanada ortadi, deb hisoblaydi. Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan alohida ish olib boradi. O‘qitishda “oddiydan-murakkab”ga, ya’ni “differensiallashgan ta’lim”ga e’tibor qaratishni asosiy shioriga aylantirgan. 

Qarshi shahridagi ushbu maktab-internati matematika va ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarning zamonaviy va puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Har bir fan uchun alohida sinfxonalar jihozlangan. Ayniqsa, matematika fanidan chuqurlashtirilgan sinflar ko‘p. O‘quvchilarning matematika fanini o‘zlashtirish sifat ko‘rsatkichi 2010-2012-yillarda viloyat miqyosida 86,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 94,3 foizga yetdi. Maktab o‘quvchilari 15-marta mamlakat, 2-marta xalqaro fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 

Nasim Suvonov 2007-yilgi fan olimpiadasining viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallab, xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etdi. Ulug‘bek Karimov 2008-yil viloyat olimpiadasida 1-o‘rin va respublika olimpiadasida 4-o‘ringa munosib ko‘rildi. O‘sha yili Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro matematiklar olimpiadasida ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bunyod Nasrullayev va Ramazon Choriyev 2008-2010-yillarda viloyat olimpiadasida sovrindor bo‘ldi. 2012-yili Dilafro‘z Xudoyberdiyeva “Bilimlar bellashuvi”ning mamlakat bosqichida 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, E’zoza Abdurahmonova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Maktabning sobiq o‘quvchilari Bekzod Akbarov, Asliddin Alimov Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yaponiyaning nufuzli universitetlari magistraturasini muvaffaqiyatli bitirdi. Ayni paytda ular matematika bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 

Ustoz M.Sharapovaning Saydali, Asliddin, Bekzod singari o‘quvchilari ko‘p. U bundan faxrlanadi. O‘quvchilarini matematika fanidagi qiziqarli aniq yechimlar olamiga chorlayveradi... 

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech