Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi ayollar manfaatlari, haq-huquqlarining toʻliq himoyasi yoʻlida barcha masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash choralarini koʻrib bormoqda.

Oʻtgan 4 oy mobaynida bir qator bitimlar, kelishuvlar, xalqaro hujjatlar imzolanib, ijroga yoʻnaltirildi va ular oʻz samarasini koʻrsatmoqda.
Navbatdagi oʻzaro qoʻshma chora-tadbirlar rejasi bugungi kun uchun gʻoyatda muhim boʻlgan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun turli davlatga chiqib ketgan va chiqib ketayotgan xotin-qizlar va ularning oilalari bilan manzilli ishlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning bandligini taʼminlash, ichki mehnat bozorida xotin-qizlar uchun ish oʻrinlari yaratish va ularning oilalariga turli ijtimoiy yordamlar koʻrsatish yuzasidan imzolandi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan oʻzaro hamkorlikda oʻtkazgan qoʻshma muloqotida  masalaga oid har bir holat chuqur tahlil etildi.
Yigʻilishga Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.Mahkamova raislik qildi va mavzuga oid tahliliy maʼlumotlarni keltirdi. 
“Xorijda ishlayotgan ayol ham bizning ayolimiz, Oʻzbekistonimiz aholisining  vakili. U xorijda ishlayotgan boʻlsada, oila va farzandlari yurtimiz bagʻrida, mahallalarda istiqomat qilishmoqda. Ana shunday oilalarning maʼnaviy muhiti, farzandlarining hech narsaga alishmaydigan tarbiyasi barcha masalalardan ustun ekanini unutmasligimiz kerak” – dedi Z.Mahkamova oʻz soʻzida.

Hamkorlik yigʻilishida xorijga uzoq muddatga chiqib ketgan xotin-qizlar masalalari, shuningdek ularning oilalari, voyaga yetmagan farzandlari bilan ishlash boʻyicha Respublika Komissiyasi tuzilishi, xorijdan qaytgan xotin-qizlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini shakllantirish va doimiy yuritish boʻyicha kelishildi.