Darhaqiqat, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda. Aynan mazkur islohotlar amalga oshirilishi doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi. Bu oʻz oʻrnida, iqtisodiyotni yanada oʻstirish, xalq farovonligini oshirish borasidagi vazifalarni hal etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Dastlab, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020 yil
29 iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 4761-sonli qarori imzolandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi isloxotlarning davomchisi sifatida 2021 yil 6 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 5177-sonli qarori rasman eʼlon qilindi.
Va mazkur qarorga muvofiq barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, shu jumladan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi markaziy apparati tarkibida ham korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasi tashkil etildi.
Hozirgi kunda, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishi boʻyicha Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, uning hududiy va tarkibiy boʻlinmalari ish faoliyatida korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻymaslik va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan:
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tizimi xodimlarining Odob-axloq qoidalari;
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tizimida Korrupsiyaga qarshi qoidalarining asosiy shartlari;
- Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Siyosati kabi ichki hujjatlar ishlab chiqildi va Qoʻmita tizimidagi hududiy boʻlinmalarga ijro va nazorat uchun yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil
14 iyun kuni “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 154-sonli farmon imzolandi.
Mazkur farmonga koʻra, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida Qoʻmitaning rasmiy veb-sayti sahifasi yaratildi, bugungi kunda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jarayonlari haqida maʼlumotlar va axborotlar rasmiylashtirilib, ushbu veb-sayt orqali muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Shu bilan birga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi va uning oʻrinbosarlari, Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari hamda Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilib,
2022 yil 20 iyundan 10 iyulga qadar respublika boʻylab, Qoʻmita tizimidagi barcha xodimlar oʻrtasida qonun va qonunosti meʼyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish tartiblari, xizmat faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik mavzularida maʼruzalar oʻqilib, keng qamrovli targʻibot va tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, joriy yilning 13-14 iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMT TD) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish va faolligini oshirish” mavzusi boʻyicha trening tashkil etildi. Va mazkur oʻtkazilgan trening mashgʻulotlari jarayonida ishtirok etgan Qoʻmita tizimining hududiy rahbarlari xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda oʻz bilimlarini oshirib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning oʻrni hamda faolligini yanada kuchaytirilishiga samarali hissalarini qoʻshadi.