15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan namunali oilalar hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi Toshkent shahar bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida ibratli ishlar olib borilmoqda. Oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi tegishli farmonida oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida alohida vazifalar belgilangani muhim ahamiyat va mazmun kasb etadi.
15-may – Xalqaro oila kunini keng nishonlash va “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Tanlovda farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ibratli oilalar ishtirok etdi.
Tadbirda “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan namunali oilalar hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari Nizom talablari asosida pul mukofotlari, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.