Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida Oʻzbekistonda xotin-qizlarning boy salohiyatidan foydalanish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ularning imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishda tajriba almashish boʻyicha Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazish haqidagi taklifni bildirgan edi.

Shunga asosan 2024-yilning 13-may kuni “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi Samarqand shahrida oʻz ishini boshladi.
Forumda 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, 40 dan ortiq xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalarningjami 400 ga yaqin vakillari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etmoqda.


Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilarga yoʻllagan tabrigini Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻqib eshittirdi.


Shundan soʻng, Senat Raisi - Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib,  jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan, turli nizolar, yangi xatarlar xavfi yuqori boʻlayotgan bir sharoitda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini taʼminlash har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Senat Raisi Osiyo mintaqasida ayollarining oʻzaro tajriba almashish boʻyicha ijobiy amaliyotga egaligi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti bugungi kunda gender tenglikni taʼminlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid mintaqadagi dolzarb muammolarni hal qilishda samarali platforma sifatida xizmat qilayotganini, uning tajribasi asosida butun Osiyo ayollarini birlashtirish zarur ekanligini aytib oʻtdi.


Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash va oilalar mustahkamligi masalalari siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 
Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.


Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, soʻnggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir. 
“Xotin-qizlar va erkaklarga teng xuquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi. 
Gender tenglik siyosatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va uni toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2030-yilga qadar moʻljallangan gender Strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan oʻtkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.