Jamiyatimizda ayollar manfaatlarining himoya qilinishi, shuningdek, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatilishini taʼminlanish uchun “Ayollar daftari” yuritilmoqda. Mazkur daftar ishsiz va yordamga muhtoj barcha xotin-qizlarning ehtiyojlarini taʼminlashga xizmat qiladi hamda ularning turmush tarziga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatadi. “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolari tizimli hal etilmoqda hamda ularning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari yechimini topmoqda.
Prezidentimizning tashabbusi bilan amalda joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi boshqa hech bir mamlakatda uchramaydigan noyob mexanizm boʻlib, bu orqali yurtimiz xotin-qizlarini qiynab kelayotgan muammolar hal etilishiga erishilmoqda. Natijada jamiyatimizda muhim oʻrin tutuvchi opa-singillarimiz, onaxonlarimizning turmush farovonligi oshirilib, hayotdan rozi boʻlib yashashlariga zamin yaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 145-sonli qarori asosida “Ayollar daftari” roʻyxatining 3-bosqichi joriy etilib, 6-toifa asosida shakllantirildi. Barcha viloyat, shahar va tumanlarda individual dasturlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan har bir xotin-qizning muammolari qaysi toifaga mansubligi hamda qaysi manbaa hisobidan yordam berilishi, shuningdek, koʻrsatiladigan asosiy va qoʻshimcha yordamlar haqida oldindan aniq maʼlumotlar kiritilgan, bu borada yoʻl xaritasi loyihasi tayyorlanib, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlangan. Ayni kunlarda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan yordamlar va ularning haqqoniyligi individual dasturlar orqali nazorat qilib borilmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Xorazm viloyatidagi 526 ta mahallaning har birida xonadonma-xonadon yurilib, anketa soʻrovnomalari asosida oʻttiz va undan katta yoshdagi xotin-qizlarning muammolari oʻrganilishi natijasida “Ayollar daftari” tizimining 3-bosqichiga 6 ta toifa boʻyicha yil boshidan 35 ming 511 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kiritilgan.
Jumladan, birinchi yoʻnalish yaʼni ijtimoiy himoga muhtoj ishsiz ayollar toifasiga 11 ming 212 nafar xotin-qiz kiritilgan boʻlib, joriy yilning 6 oyi mobaynida ularning 10 ming 344 nafari ish bilan taʼminlandi. Ikkinchi yoʻnalish yaʼni tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar toifasi boʻyicha 3 ming 650 nafari roʻyxatga olinib, shundan 2 ming 422 nafariga kredit asosida tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlarida amaliy yordamlar berildi.
Birgina misol, Xorzam viloyati Gurlan tumani “Saxtiyon” mahallasida yashovchi 3-bosqich “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi Erkinoy Omonova kredit asosida toʻrtta tikuv mashinasini sotib oldi. Tikuvchilik faoliyatini kengaytirib, mahalladagi 10 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlashga erishdi. Shulardan yana birining nomi “Ayollar daftari”da qayd etilgan.
“Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan xotin-qizlarni 6 ta toifa asosida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan koʻplab saʼy-harakatlar oʻzining amaliy natijasini bermoqda. Shu mahallada istiqomat qilayotgan Gavhar Saidmurodova ham mazkur daftarga kiritilgach, subsidiya asosida issiqxona tashkil etib, tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi. Qizigʻi shundaki, yil boshidan ishni yoʻlga qoʻygan Gavhar opa aprel-may oylarida issiqxonada yetishtirgan meva-sabzavot mahsulotlarini ichki bozorda sotib, oilasiga yaxshigina daromad keltira boshlagan.
– Muhimi turmush sharoitimiz oldingiga nisbatan ijobiy tomonga oʻzgardi, - deydi Gavhar Saidmurodova. – Yaqinda 4 nafar ayolni ish bilan taʼminladim. Ularga yordamim tekganidan xursandman.
Hozirgi kunga qadar “Ayollar daftari” roʻyxatining 3-bosqichiga kiritilgan 35 ming 511 nafar xotin-qizlardan jami 23 ming
599 nafariga yaʼni 66,5 foiziga toifasiga asosan amaliy yordamlar berildi. Bundan tashqari, mazkur daftardagi xotin-qizlarga qoʻshimcha ravishda tibbiy, huquqiy hamda psixologik yordamlar koʻrsatib kelinmoqda.
Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, tuman shahar boʻlimlari hamda hokimliklar, sektor rahbarlari, tegishli idora va tashkilotlar, jumladan, kasaba uyushmasi, sogʻliqni saqlash, bandlik, xalq taʼlimi, adliya, moliya boshqarmalari, fermerlar kengashi, banklar hamda sudlar bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga kiritilgan xotin-qizlarning ijtimoiy holati va yashash sharoitini yaxshilash, ularning muammolarini hal qilish borasida hamkorlikda ishlar davom qilmoqda.
Quvonarlisi, xotin-qizlar uchun yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan opa-singillarimiz mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan siyosatning mazmun-mohiyatini chuqur anglab, turmush sharoitlari yaxshilanishiga erishmoqdalar. Nafaqat oʻzlarining, balki, atrofdagi ayollarning oilasi farovonligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi axborot xizmati.