O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda o‘tgan ushbu videoselektorda ZOOM platformasi orqali viloyat boshqarmalari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining viloyatlardagi boshqarmalari mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.
Videoselektorda aholi salomtaligini yaxshilash, onalar va bolalar sog‘lig‘iga e'tibor berish, tug‘ruq yoshidagi ayollarni kerakli dori-darmon bilan ta'minlash, o‘z vaqtida sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, turli nuqsonli homilalarning oldini olish maqsadida nikohlanayotgan yoshlarni genetik tekshiruv va onko-skriningdan bepul o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etildiki, tegishli vazirlik va idoralarning hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va nogiron bolalar tug‘ilishi holatlari hamon kuzatilmoqda. Oilada voyaga yetayotgan qizlarga jinsiy tarbiya berilmasligining oqibatida 13, 14, 15, 16 yoshli qizlar orasida tug‘ish holatlari qayd etilgan.
Surxondaryo, Samarqand, Toshkent, Jizzax viloyatlarida erta nikoh o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 taga ko‘paygan.
Har yili o‘rta hisobda 900 mingga yaqin chaqaloq dunyoga kelayotgan bo‘lsa, shundan 160 mingdan ortig‘i asoratlar bilan tug‘ilmoqda.
Oilada ayol va homiladorga bo‘lgan munosabat noto‘g‘ri shakllantirilgan. Homilador ayolning oila a'zolari tomonidan o‘z vaqtida uni skriningdan o‘tkazish, asoratlarga vaqtida e'tibor qaratish masalasiga jiddiy yondashilmayapti. Natijada nuqsonli homiladorlik kech aniqlanyapti, tug‘ma nogironlik raqamlarda barqaror ko‘rsatkichni saqlab kelmoqda.
Joylardagi markazlashtirilgan poliklinikalarda homiladorlarning elektron bazasini shakllantirish, oilaviy vrachlar tomonidan o‘z hududidagi homilador ayollardan muntazam xabar olish, perinatal yoshdagi xotin-qizlarga sog‘lom avlodni dunyoga keltirish uchun o‘z salomatligiga befarq qaramaslik, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi lozimligi, bu ishlarning yagona nazorat tiziminpi yaratish kerakligi taklifi bildirildi.
Onalar o‘limi eng ko‘p qayd etilgan Farg‘ona, Qashqadaryo Namangan viloyatlari, erta tug‘ruq qayd etilgan Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarining tegishli mutasaddilariga har bir oila bilan alohida tartibda ish olib borish, o‘rta umumta'lim maktablarining o‘quvchilari, Oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan talabalari bilan oila, nikoh, onalik, farzand tarbiyasi, oila gigiyenasi, oilaviy shifokor bilan hamkorlik masalalarida maxsus seminarlar, kerak bo‘lsa o‘quv kurslari tashkil etish topshirig‘i berildi.