Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi Tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni taʼminlashga koʻmaklashish, kasb-hunarga oʻqitishni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Mukarram Nurmatova mazkur tadbirga jalb etilgan tumandagi ishsiz ayollar, 38 ta mahallada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, rahbar ayollar hamda hamkor tashkilot vakillari bilan uchrashdi. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, mahalla xotin-qizlar faollarining vazifalari xususida soʻz yuritib, ularga tegishli tavsiyalar berdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi roʻyxatiga kiritilgan tuman xotin-qizlar boʻlimi koʻmagida bugun maʼlum bir ishning boshini tutib oʻzini oʻnglab olayotgan xotin-qizlarning qoʻl mehnati mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi M.Nurmatovaning Olot tuman safarida viloyat hokimining oʻrinbosari F.Ibragimova hamda tuman hokimi N.Neʼmatova hamrohlik qildilar.
Safar chogʻida mehmonlar tumandagi “Xalifa” MFY hududida joylashgan Dilnoza Sayliyeva tomondan tashkil etilgan, ayni paytda 30 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan “Universal optima proyekt” oilaviy korxonasida boʻlishdi.