Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Jamiyatning asosiy tayanchi bu — oila. Oilada maʼnaviy muhitni yaxshilash, farzandlar tarbiyasidagi masʼuliyat, milliy qadriyatlarni singdirish va qator tashabbuslarda faol, shijoatli va tashabbuskor ayollarning oʼrni bor. Bu haqda hattoki Davlatimiz rahbari 8 mart bayrami munosabti bilan xotin-qizlar tabrigida aynan obroʼ-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilishni taklif etib: “Bu harakat tom maʼnoda «mahallaning vijdoni»ga aylanishi kerak. Chunki, maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʼlmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur. Hech bir ona farzandining kelgusida baxtsiz boʼlishini istamaydi. Prezidentimiz muhtarama onaxonlarimizga alohida murojaat qilgandilar. Bugun biz Vatanning shon-shuhratini yuksaltiradigan tarixiy davrga qadam qoʼygan ekanmiz, Sizlar farzandingizning qalbiga ulugʼ maqsadlarni, ezgu gʼoyalarni singdiring, buyuk orzularni joylashga intiling. Maqsadimiz — har bir oila, xonadon va mahalla mana shu ulugʼ harakatning markaziga aylansin»,- deb taʼkidlab oʼtgan edilar.

 

Shundan soʼng Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasi tomonidan hududlarda xayotiy tajribaga ega tashabbuskor ayollar harakatlari yoʼlga qoʼyila boshlandi. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʼmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida -35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʼlimlarida -30 nafardan, mahallalarda 15 nafardan faol va tashabbuskor targʼibotchi ayollardan iborat tarkib shakllantirilib, faoliyati yoʼlga qoʼyilib, ular xonadanbay yurib, xotin-qizlarning sharoitlarini oʼrganib, ularga maʼnaviyat ulashish bilan shugʼullanmoqda.

Kuni kecha Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasida “Oqila ayollar” harakatini tashkil etish boʼyicha Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilindi, bir soʼz bilan aytganda harakatning huquqiy asosi yaratildi.

“Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi qarorning kuchga kirishi xotin-qizlarni yanada ruhlantirib yubordi, desak mubolagʼa boʼlmaydi. Shu oʼrinda savol tugʼiladi ushbu jamoatchilik tuzulmasi nima beradi?

Qarorda Harakatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

– jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, ezgu gʼoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirishga qaratilgan tizimli targʼibot- tashviqot ishlarini olib borish;

– mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyati, ibratli ota-ona boʼlishning ahamiyati, maʼrifatli jamiyatni qurishda maʼrifatli onalarning rolini keng targʼib qilish;

– ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuygʼularini singdirish, “odobli qiz” va “maʼrifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar maʼnaviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targʼib etish, oʼzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlashga koʼmaklashish;

– yoshlar oʼrtasida oilaviy-xuquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʼlish masalalarini hamda “Oila - muqaddas” tushunchasini keng targʼib qilish;

– xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushintirish.

Harakat, qoida tariqasida, Qoʼmitada - 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpogʼiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʼmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida - 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʼlimlarida - 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʼlimlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat Harakatning boshlangʼich guruhlari tashkil etiladi;

Qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari tegishlicha Qoʻmita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)larda “Oqila ayollar” harakati faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan masʼul hisoblanadi;

Harakat va uning boshlangʻich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar Harakat tomonidan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirish yoʻnalishida amalga oshirgan ishlarining natijadorligiga koʻra jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ragʻbatlantirib boriladi.

Bunda faol va tashabbuskor ayollar faoliyati natijalari boʻyicha tegishlicha Qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari tavsiyasiga asosan davlat mukofotlari, “Moʻʼtabar ayol”, “Mahalla iftixori”, “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni va boshqa esdalik, koʻkrak nishonlari, idoraviy mukofotlarga tavsiya etilishi, shu jumladan, sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berilishi mumkin.

Darhaqiqat, agar yuqoridagi vazifalar amalda tadbiq etilsa, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit shakllanadi, aholiga ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirish orqali oilalar mustahkamlanadi, oilaviy ajrimlarni oldi olinadi, hech bir farzand eʼtibordan chetdan qolmaydi.

 Eng asosiysi, bu qaror har bir ayol eʼtiborda, eʼtirofda ekanligini, Yurtboshimizning xotin-qizlarga alohida gʻamxoʻrligini anglatadi. 

 

Raʼno Turdiboyeva - Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari.