Loyihaning maqsadi--chekka qishloq hududlaridagi "Ayollar daftari" ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish, bandligini taʼminlash hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiridan iborat.
Mazkur loyiha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi "Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi va 2020 yil 11 avgustdagi "Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorlari ijrosi hamda VMning 2020 yil 7 avgustdagi topshirigʻi ijrosi asosida qabul qilingan.
Loyiha Yaponiya ijtimoiy rivojlanish fondining grant mablagʻlari hisobiga 2022-2024 yillarda Fargʻona va Jizzax viloyatlarining 4 tadan tumanlaridagi mahallarida amalga oshirilishi moʻljallanmoqda.
Loyihaning amaliyotga joriy etilishi natijasida 3 ming 500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar boshlangʻich moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik koʻnikmalariga ega boʻlishadi. Shundan 350 ta eng yaxshi biznes loyihalar uchun 1,5 mln. AQSh dollari ajratish orqali hududdagi ayollar tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinadi hamda grant doirasida moliyalashtirilmagan biznes loyihalar belgilangan tartibda tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.