Bugun Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasining kichik majlislar zalida Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vazirligi, Oila ilmiy-tadqiqot instituti hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi mutasaddilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda davlatimiz rahbarining oila mustahkamligini saqlash, ajrimlarning oldini borasida bergan topshiriqlariga asosan Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda "Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo'lgan ishlar, yangi ishlab chiqilayotgan loyihalar taqdiri xususida so'z yuritildi.
Uchrashuvda Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova birlamchi masala sifatida ta'lim muassasalarida "Yigitlar klubi" hamda mahallalarda "Otalar maktabi"ni tashkil etish loyihasini amaliyotga joriy qilish kerakligini aytdi.
"Avvalo "Yigitlar klubi"ni tashkil etishdan asosiy maqsad ta'lim muassasalarida o'qiyotgan yosh yigitlarni oilaparvar, vataniga sodiq bo'ladigan haqiqiy erkak qilib tarbiyalashimiz kerak. Ularni yoshligidan turli qing'ir yo'llarga kirib ketib, kelajakda o'zining ham o'zgalarning hayotini buzadigan bo'lib qolishining yo'lini olish uchun mana shunday loyihaga qo'l urmoqdamiz. Mazkur loyiha bo'yicha ta'lim muassasalarida ko'proq psixolog-o'qituvchilar ishlashadi" - dedi Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova uchrashuvda.
Shuningdek, sud jarayonlarida bola huquqlarining to'liq ta'minlanishiga erishish kerakligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari uchrashuvning eng dolzarb mavzusi - yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini samarali yo'lga qo'yish zarurligi aytildi.
Shuningdek, "Oila-mahalla-maktab" konsepsiyasi bo'yicha respublika miqyosida Yo'l xaritasi ishlab chiqish masalasi ham ko'rib chiqildi. Binobarin, davra suhbati davomida yana bir muhim masala - "Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi" bo'yicha ham zarur taklif va mulohazalar o'rtaga tashlandi. Bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tegishliligi bo'yicha ko'rib chiqiladigan bo'ldi.