Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 110-sonli maktab majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 avgustdagi "Oqila ayollar" harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosiga oid yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularga ezgu g‘oyalarni singdirish muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollar orasidan Mirobod tumanida "Oqila ayollar" harakati a’zolarini tarkibini tasdiqlash masalasiga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida tuman "Oqila ayollar" harakati a’zolari ichidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan harakat yetakchisi saylandi va barcha harakat a’zolari tumandagi mavjud mahallalarga biriktirildi. Shu bilan birga, harakat a’zolariga kelgusida tumandagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish, oilaviy ajrimlarni oldini olish va boshqa belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
O‘zA