Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida Bosh vazir o‘rinbosari -Qo‘mita raisi Z.Mahkamova bilan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxona rahbari bilan uchrashuv o'tkazildi.
Muloqot mazkur tashkilot bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlanib, unda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv chog‘ida Davlat rahbarining “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili doirasida ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan xalqaro loyihalar muhokama qilindi.
Jumladan, oila va xotin-qizlar masalalarini hal etishning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirar ekan, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Marko Mantovanelli yangi tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, unga bir qator yangi lavozimlar kiritilganini, tizim nufuzi va boshqaruv kuchi oshirilganini, ilmli ayollar safini kengaytirish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlar tadbirkorligini yana-da rivojlantirish borasida aniq vazifalar, amalga oshirish mexanizmi va manbalari bilan joriy etilganligini yuksak baholadi.
Shuningdek, Qo‘mita raisi Z. Mahkamova o‘z so‘zida mamlakatimizda xotin-qizlarning muammolarini hal qilish, oilalarda yangi maʼnaviy makon yaratish, xotin-qizlarning o‘z turmush sharoitidan mamnun yashashlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaxshilash borasida tizimli hamda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borayotganligini taʼkidlab o‘tdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, yana-da samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida istiqboldagi rejalar belgilab olindi.