Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Fahmi hamda O'zbekistondagi Missiya rahbari Muhammad El-Sakkuri Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuvda Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda elchi xonim Amira Fahmi o'zaro hamkorlik masalalariga to'xtalar ekan, eng avvalo ayollarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, ikki mamlakat o'rtasida ayollar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini ko'rib chiqish lozimligini ta'kidlashdi.
"Mening e'tiborimni tortgan jihat shu bo'ldiki, mamlakatingizda nafaqat xotin-qizlar huquqlari qonuniy mustahkamlab qo'yilgan, balki ularni qo'llab-quvvatlashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Masalan, 5 yil ish "staj"iga ega bo'lgan ayollar va qizlarni oliy ta'limga o'qishga kirishlariga yordam berish - bu har bir mamlakat o'rnak olishi kerak bo'lgan jihatdir. Tan olib aytaman, bu amaliyot Misrda mavjud emas. Biroq, buni biz o'z tajribamizda sinab ko'ramiz" - deydi elchi Amira Fahmi.
Uchrashuv davomida Misr elchisi "Misr milliy ayollar kengashi" haqida ma'lumot berib, ushbu tashkilot bilan ham yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyati yuqori ekanligini ta'kidladi. Va yaqin kelajakda Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda "Misr milliy ayollar kengashi" rahbari Maya Mursi xonim o'rtasida o'zaro hamkorlik masalalariga bag'ishlangan uchrashuvni tashkil etish taklifi ilgari surildi. Samimiy kechgan suhbat yakunida tomonlar ilgari surilgan taklif va g'oyalarni jiddiy ko'rib chiqib, hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga kelishib olishdi.