So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kuzatilmoqda. Senat ayollar va bolalar huquqlari buzilishiga oid huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish ustida ishlay boshladi.
15 iyun kuni Senatda Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan tuzilgan Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Senat axborot xizmatining yozishicha, tadbir davomida Ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘tgan yig‘ilishda belgilab olingan vazifalar doirasida amalga oshirilgan ishlar, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan nojo‘ya harakatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga, shu jumladan, jazo choralarini kuchaytirishga doir takliflar hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ishchi guruh qonunchilikni takomillashtirishda keng jamoatchilikni, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislarni o‘z takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.
Avvalroq Samarqandda chaqalog‘ini kaltaklagan ona ustidan jinoyat ishi ochilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.