O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oilalarni mustahkamlash va oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha topshiriqlari ijrosini ta’minlash yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida mas’ul vazirlik va idoralarning xodimlari bilan uchrashuv-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Oilaviy hayotga ilk yoshdan boshlab bosqichma-bosqich tayyorlab borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida maktabgacha ta’lim, o‘rta ta’lim va oliy ta’lim muassasalarida oilaviy qadriyatlarni bolalar va yoshlarga singdirib borish, ta’lim maskanlarida "Yigitlar klublari" hamda mahallalarda "Otalar maktab" larini tashkil etish orqali yigitlarda oila boshlig‘i mas’uliyatini oshirish va otalikka tayyorlab borish masalalari yuzasidan taklif va fikrlar bildirildi.
Shahar, tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini tubdan takomillashtirish, ularni oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maskanlariga aylantirish, bunda ularga oliy o‘quv yurtlarini biriktirish, nikohlanuvchi shaxslar bilan bir qatorda ularning ota-onalarini, shuningdek 5 yil oralig‘ida yashayotgan yosh oilalarni o‘qitish tizimini joriy etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Nikoh shartnomasiga nikohlanuvchi shaxslarning bo‘lg‘usi ota-ona sifatida bolaning ta’lim-tarbiyasi, ularning moddiy ta’minoti borasidagi huquq va majburiyatlarini kiritish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuv-muloqotda shuningdek, farzandsizlik tufayli ajrim yoqasida turgan yosh oilalarni zamonaviy diagnostika va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda boshqa masalalar bo‘yicha fikrlar almashinib, hamkorlikdagi ishlar rejasi tuzildi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi matbuot xizmati