Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishni rivojlantirish dasturi—BOMCA tashkiloti poytaxtdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida Milliy boshqaruv guruhining 1-yig‘ilishi doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari R.Turdiboyeva hamda Xalqaro migrasiya polisiyasini rivojlantirish markazining Gʻarbiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha loyiha rahbari Yekaterina Belukova o‘rtasida kelgusi yillardagi hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuv-muloqoti bo‘lib o‘tdi
Yekaterina Belukova loyiha doirasida qo‘shni Respublikalarda amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi. Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonga qilgan ilk tashrifi doirasida mahallarda istiqomat qilayotgan o‘zbek ayollarining turmush tarzi bilan tanishgani, ularning kasb-hunar o‘rganishi va ish bilan band bo‘lishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida gapirdi.
Chegara hududlarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy holatini yaxshilash, mehnat migrasiyasi masalalarida hamkorlik qilish haqidagi taklifni o‘rtaga tashladi. Tegishli vazirlik va qo‘mitalar, agentliklar mutaxassislarini 5 kunlik seminar-treninglarda o‘qitish rejasi haqida ma’lum qildi.
O‘z navbatida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mas’ullari ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlashdi. Samaradorlikka erishishning yagona yo‘li—bu seminar-treninglarga bevosita aholi bilan ishlaydigan soha mutaxassislarini jalb etishdir, dedi R.Turdiboyeva.
Har ikki tomon o‘z taklif va mulohazalari bilan 2023 yilning bahor oylariga mo‘ljallanayotgan davra suhbatida ishtirok etishlariga kelishib olindi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi matbuot xizmati