Yig‘ilishni tuman hokimining o‘rinbosari Feruza Soliyeva kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan alohida e’tibor, ularning hayotda har tomonlama e’zoz va hurmatda yashashlari, shu bilan birga jamiyatda faollik ko‘rsatishlari borasidagi yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi.
Tuman faollaridan Ma’suda Begmatova, Hayotxon Mahmudova, Nigora Nazarovalar tumanimizda ajrim,tazyiq va zo‘ravonlik, erta turmush va erta tug‘ruq, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, turmush qurish va maktab yoshidagi o‘smir qizlar tarbiyasi kabi dolzarb masalalarda keng mulohaza bildirdilar.
Shuningdek, hamkor tashkilot vakillari-tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Z.Umarova,tuman bosh otinoyisi M.Nurmatova, reablitasiya markazi rahbari K.Ro‘zimatovalar so‘zga chiqib, ayniqsa,oila qurish ostonasida turgan va maktab yoshidagi o‘smir qizlarning tibbiy ko‘rigini yanada kuchaytirish oilalar mustahkamligi va sog‘lom avlod shakllanida muhim omil ekanligiga to‘xtaldilar.
So‘zga chiqqan bir qator harakat a’zolari mahallarda targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya ishlarini yanada yaxshilash uchun tumanda "Onalar maktabi"ni tashkil etish, haftaning bir sanasida" Oqila ayollar" kunini belgilab, ish tashkil qilish takliflarini bildirdilar.Yig‘ilish qizg‘in munozara va muhokamalar bilan o‘tdi.