Bugungi kunga qadar respublikamizda 396 nafar "Zulfiya" chilar turli sohalarda faoliyat olib bormoqda.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida bugun Zulfiya nomidagi davlat mukofoti Respublika komissiyasi a’zolari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda shu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud kamchilik va muammolar, ularning yechimi va taqdim etilgan takliflar asosida takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilash masalasiga bag‘ishlandi.
Yig‘ilish kengaytirilgan tartibda o‘tdi, hududiy studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyat boshqarmalari boshliqlari, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlar tavsiya etish hududiy va tuman, shahar komissiyalari raislari ishtirok etdilar.
Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z. Mahkamova yig‘ilishga raislik qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi shoʻba mudiri E. Azimboyev 2022 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlarni tanlash va ularning hujjatlarini tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng Qo‘mita raisi Z. Mahkamova "Ibratli oila" ko‘krak nishonini ta’sis etish bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi. Qayd etilgan kamchiliklarni takrorlamaslik, tuman, shahar, hududiy bosqich tanlovlarini shaffoflik va belgilangan mezonlar asosida tashkil etilishini qat’iy ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.