Poytaxtimizda «O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashning dolzarb masalalari: joriy holat, vazifalar va istiqbol» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekistonda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (YUSAID), Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti singari bir qator oliygohlarning vakillari qatnashdi.
Konferensiyaning maqsadi gender tengligini ta’minlash borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu borada faoliyat olib borayotgan amaliyotchi mutaxassis hamda ekspertlarning fikr-mulohazalarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekistonda inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq va imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oila va xotin-qizlar bilan ishlash, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hamda oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonlarining qabul qilingani bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Konferensiyada «Gender tengligi strategiyasi doirasida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlashdagi mavjud muammolar va istiqboldagi chora-tadbirlar», «Sharqda gender tengligi masalalarining o‘ziga xos jihatlari», «Oiladagi zo‘ravonliklarning oldini olish borasida ichki ishlar organlarining jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi», «Oiladagi zo‘ravonlikning bolalar sog‘lig‘iga ta’siri: Markaziy Osiyoda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari» singari 15ga yaqin ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiyaga taqdim etilgan 30 ga yaqin maqolalar to‘plam shaklida nashr ettirildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
N.USMONOVA, O‘zA muxbiri