Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Navoiy viloyatida xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, jinoyatchilik, huquqbuzarlik hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish ishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning avgust oyida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan edi. Bugungi kunga kelib, targ‘ibot tadbirlari korxona va tashkilotlarda, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida sohabay tarzda tashkil etilmoqda.
Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri ham aynan xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda turli salbiy illatlarga qarshi kurashish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish mavzusida tashkillashtirildi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, fakulьtet dekanlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rahbarlari, tьyutorlar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida viloyatda o‘tgan davr mobaynida 248 nafar xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilganligi, ularning asosiy qismi, ya'ni 177 nafari aynan ma'lum bir faoliyat turi bilan band bo‘lgan hamda ishlaydigan xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotganligi, shu sababli sohabay targ‘ibot tadbirlariga alohida e'tibor qaratilayotganligi ta'kidlandi.
Jinoyat turlari tahlil qilinganda, xotin-qizlar o‘rtasida firibgarlik, tovlamachilik, o‘zlashtirish, o‘g‘rilik va bezorilik jinoyatlarining oshib borayotganligi, ushbu holat barchani birdek o‘ylashga majbur qilayotgan vaziyat ekanligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.

Mahalla va oilada ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, shuningdek, ajrim yoqasida turgan oilalar, notinch oilalar bilan ishlash hamda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish va oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida jami 950 ta ajrim qayd etilgan.
 

Bugungi kunga qadar 642 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar qayd etilgan bo‘lib, bu borada olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu oilalarning 533 tasini yarashtirishga yoki nizolarni bartaraf etishga erishilib, 697 nafar farzandlarning to‘liqsiz oilada tarbiyalanishining oldi olindi. Noqonuniy nikoh asosida yashab kelayotgan 151 nafar oilalarning 53 nafari qonuniylashtirildi.

Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish ishlariga alohida e'tibor qaratish natijasida jabrlangan ayollar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygani kuzatildi.
 

Tadbirda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat Fuqarolik sudi, Adliya va Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari o‘zlarining ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda IIB xodimlari tomonidan ishtirokchilarga tarqatma materiallar taqdim etilib, mavzuga oid videorolik namoyish etildi.