O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi Farmoniga muvofiq "Zulfiya nomidagi Davlat muyeofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida" gi Farmoniga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda har bir viloyatdan ikki nafardan hamda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlar 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ushbu nufuzli mukofot sohibasi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilganidan buyon jami 396 nafar iqtidorli qizlar taqdirlangan bo‘lib, ularning 89 nafari adabiyot, 84 nafari san’at, 69 nafari madaniyat, 56 nafari ta’lim, 50 nafari fan, 41 nafari sport va 7 nafari jamoatchilik yo‘nalishlarida mukofot sohibasi bo‘lishgan.
Zulfiya mukofoti sovrindorlari ishtirokida o‘tayotgan muloqotda O‘zbekston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Gender tenglik qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova ushbu nufuzli mukofotning sohibalari bugun turli ijtimoiy sohalarda sermazmun faoliyat olib borishayotgani haqida to‘xtaldi.
Xotin-qizlarga, jumladan qizlar ta’limiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imtiyoz hamda sharoitlar avvalo o‘qimishli, ziyoli, olima ayollar safini kengaytirish va ma’rifatli onalar sonini oshirishga xizmat qiladi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi bunday g‘amxo‘rlik sohalar rivojiga xissa qo‘shishi aniq. Zulfiya mukofoti sovrindorlari orasida deputatlar, ilm-fan fidoyilari, sport va madaniyat sohasida Xalqaro yutuqlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonni dunyoga tanitayotgan qizlarning borligi - bu bizning yutug‘imiz, dedi Senatda doimiy asosda ishlovchi Senator Gulnora Ma’rufova.
Muloqotda Zulfiya mukofoti sovrindorlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Olis Uchquduq tumanida ichki ishlar idorasida faol mehnat qilayotgan Dilnoza Kamolova, yagona siyosiy muhandis Xurshida Xoliqovalar so‘z olib, mukofot mas’uliyati haqida to‘xtalar ekanlar, o‘z faoliyatlari va mehnatlari bilan yurtga xizmat qilishda davom etishlarini ta'kidlashdi.
Mehrinoz Abbosova - Yoshlar ishlari agentligi direktorining til masalalari bo‘yicha maslahatchisi:
—Xalq orasida "Zulfiya" chilar mukofot olgach yo‘qolib qolishadi, degan noto‘g‘ri fikrlar yuradi. Aslida mukofot sohibalari ijoddan, faoliyatdan to‘xtab qolishgani yo‘q,, shunchaki biz alohida-alohida bo‘lib ishlayapmiz, yangilik yaratyapmiz. Biz birlashishimiz kerak!
Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi matbuot xizmati