Dildora Imomova 2021-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi boʻlgan.
Dildora Imomova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lganidan so‘ng hududlardagi xotin-qizlar bilan uchrashuvlar davomida ularning taklif va muammolarini o‘rganishga kirishdi. Yangiobod tumanida bo‘lgan uchrashuvlarning birida “Sovot” mahallasida yashovchi ayollarning mavsumiy ish bilan bandligi, hududda doimiy ish o‘rinlari yaratishdagi murojaatlari asosida ushbu masala yechimini topish maqsadida hududning infratuzilmasi, ichki imkoniyatlari hamda talab va takliflarini chuqur o‘rgangan holda “Kovulchilik klasterlarini tashkil etish” loyihasi ustida ishlay boshladi.
Ildizidan to bargigacha shifobaxsh bo‘lgan kovul o‘simligi farmasevtika, farmakosmetika, oziq-ovqat va bo‘yoq sanoatida asosiy vositalardan biri sifatida qo‘llaniladi. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda kovul o‘simligining sun’iy plantatsiyalari tashkil etilmagan va qayta ishlash sanoati deyarli yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lib, qimmatbaho mahsulotimiz xomashyo tarzida arzon narxlarda eksport qilinib, Jahon bozoriga chiqmoqda. Qulay agrobiznes muhitini yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashning qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish hamda ko‘plab farmosevtika mahsulotlarini lokalizatsiyalashtirish, suvsiz, unumdorligi past yerlardan samarali foydalanish va chekka hududlar eksport ko‘lamini oshirish, aholi uchun doimiy ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlarni muhofazalangan mehnat bilan bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “ZAHRO GOLDEN CAPERS” MCHJ direktori D.Imomovaning ushbu loyihasi 2021-yil 21-oktabrda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga saylovoldi tashriflaridagi hudud faollari bilan uchrashuvlari davomida taqdim etildi va Davlatimiz rahbari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanib, loyihani amalga oshirish yuzasidan topshiriq berildi.
Hozirgi kunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan ikki tomonlama shartnoma imzolanib, vazirlik huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 400 000 AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli, imtiyozli kredit taqdim etildi. BMB Trade Group kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihaning dastlabki bosqichi amalga oshirilmoqda.
Xorijiy mamlakatlar nufuzli kompaniyalari bilan o‘zaro savdo va hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘simlik urug‘ va ko‘chatlari Italiyadan keltirilishi rejalashtirilgan.
Bugun jamiyatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, chekka hududdagi oddiygina bir qizning g‘oya va loyihalari davlat ahamiyati darajasida ko‘rilib, amalga oshirilayotgani va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani buning yorqin dalilidir.
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Imomova Dildora
2021-yil noyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Respublika tanlovida “Kovul o‘simligini yetishtirish va qayta ishlash” loyihasi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Innovatsion g‘oya yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2021-yil dekabr oyida Dildora Imomova o‘zining “Kovul g‘unchalarini qayta ishlash” loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” Respublika ko‘rik-tanlovi hamda 2022-yil Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston yoshlarining 100 ta ilg‘or loyihalari” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 100 000 AQSH dollari miqdoridagi grant sohibasi bo‘ldi.
Dildora 2022-yil mart-iyun oylarida “Kelajak liderlari” malaka oshirish dasturi 2-mavsumi 25 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 1 862 nafar nomzodlar orasidan saralangan TOP-50 tinglovchir safida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida ta’lim oldi.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish
va tadqiqotlar xalqaro markazining (Markaz) Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini hududiy koordinatorlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hisoblanadi.