Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Dilfuza Mahkamova Jizzax viloyatida tug‘ilgan, 2006 yilda Adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.

2004 yil “Atirgulim”, 2005 yil “Oq fasl”, 2010 yil “Diydor epkini” she’riy to‘plamlari nashr qilingan. 2008 yil Kamolot stipendiyasi, 2008-2009 o‘quv yilida “Iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar dasturi” g‘olibi bo‘lgan. U 2014 yil Toshkent davlat agrar universitetida Tahririyat va nashriyot bo‘limi muharriri sifatida ish faoliyatini boshlagan. 4 yil davomida “O’zbekiston agrar fani xabarnomasi” ilmiy jurnalini nashrga tayyorlashda faollik ko‘rsatgan. 2018 yil “Milliy tiklanish” ijtimoiy-siyosiy gazetasida muxbir sifatida faoliyatini davom ettirgan. Tahririyatda dastlab Ma’naviyat bo‘limida, so‘ngra Partiya va parlament hayoti bo‘limida ishlab, yuzdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-ijtimoiy yo‘nalishdagi dolzarb ahamiyatga ega maqolalari orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat tahlil faoliyatini targ‘ib etish borasida jonbozlik ko‘rsatgan.

Hozirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Harbiy-vatanparvarlik bo‘limi mutaxassisi sifatida ishlab kelmoqda. Ushbu faoliyati davomida ma’naviy-ma’rifiy sohada O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, hamda Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda tashabbus ko‘rsatmoqda.

Jumladan, “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya hamda “Shonli tarixdan buyuk kelajak sari”, “O’zbekiston diyorim, ki andin iftixorim”, “Amir Temur o‘gitlarining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni”, “Qo‘shinlar madhiyasi” va “Eng jangovar qo‘shiq”  hamda “Eng jangovar chaqiriq va shior” tanlovlarini, shuningdek “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylari o‘rtasida “Yangi O’zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostidagi respublika ko‘rik-tanlovlarining tashkilotchisi.

“Yangi O’zbekiston”, “Xalq so‘zi”, “Oila va jamiyat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “Vaqt – Vremya” singari gazetalar hamda O’zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz saytida “Ma’naviyatga yashirin zarba”, “Qizimning sepiga kitob olaman”, “Axloqi va e’tiqodi butun farzand – ulug‘ ne’mat”, “Qizimning “insho”si”, “Gerbim – bag‘rikenglik timsoli”, “Mehnatingiz qarshisida ta’zimdamiz”, “Vatanni o‘zbekcha sev, bolam” singari yoshlarimizda davlat ramzlariga, milliy, diniy qadriyatlarimizga, an’analarimizga hurmat hissini shakllantirish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, milliy g‘oya va mafkuraning dolzarb muammolari, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan 100 ga yaqin maqolalari nashr qilindi, shuningdek, markaziy telekanallardagi ko‘rsatuvlarda chiqishlar qilib kelmoqda.