Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

        Olimlarning fikricha:

Sotsiolog olimlarning fikricha ijtimoiy xizmat tushunasi-ma’lum sohalarda, ya’ni sog‘liqni saqlash, fan-ta’lim, madaniyat, san’at, sport, dam olish kabilarda ko‘rsatiladigan xizmat turlari hisoblanib, keng jamoatchilik orasida amalga oshiriladigan faoliyat sifatida ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik tamoyillariga tayanadi. Ijtimoiy xizmatni davlat boshqaruvi organlari, tadbirkorlar, yuridik, jismoniy shaxslar va nodavlat sektori amalga oshiradi. Natijada, xizmat ko‘rsatish madaniyati oshadi, qadriyatlar, an’analar rivojlanadi, aholining hayot tarzi yaxshilanadi,  xizmat ko‘rsatish turlari kuchayadi.

O‘zbekistonda "Ijtimoiy xizmatlar tizimi" yaratildi:

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-son Qarori asos bo‘ldi.

Mahalla xotin-qizlar faollariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;
  • ijtimoiy yordamga muhtoj har bir oilani individual ijtimoiy himoya qilish rejasini ishlab chiqish;
  • ijtimoiy xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini doimiy nazorat qilib borish;
  • murakkab va yuqori texnologik tibbiy amaliyotlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya buyumlariga va shu kabi boshqa ijtimoiy xizmatlarga oilalarning ehtiyoji bo‘yicha tavsiyalar va buyurtmalar berish.

Muvofiqlashtiruvchi shtab

Ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabi tashkil etildi va Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ishchi organ etib belgilandi.

Shtabning vazifalari:

  • oilalardagi ijtimoiy muammolarni hal etishda kompleks yondashuv tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • oilalardagi ijtimoiy muammolarni aniqlash uchun xotin-qizlar faoli bilan hamkorlik qilish;
  • oilalarni iqtisodiy nochor ahvoldan chiqarish va mehnat orqali barqaror daromad manbai bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish hamda tibbiy yordamga muhtoj oilalarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy ko‘mak ko‘rsatilishini tashkillashtirish;
  •  yuridik ko‘mak ko‘rsatish va huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish. 

 

Ayni kunlarda...

YuNISEFning ko‘magi asosida «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi negizida «Mahallada ijtimoiy xizmat» maxsus elektron moduli dastlab Surxondaryo viloyatining mahallalarida joriy etilib, ishga tushirildi. 2022 yil 1 noyabrdan boshlab ushbu tizim respublikaning boshqa barcha mahallalarida to‘liq joriy etildi.

Mahallalarning xotin-qizlar faollari ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi «Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash» loyihasi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan maxsus planshetlar bilan ta’minlanmoqda.

O‘quvlar davom etmoqda.

Shuningdek,  Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish hamda  «Mahallada ijtimoiy xizmat» modulida ishlash bo‘yicha mahallalardagi xotin-qizlar faollarining  bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida an’anaviy va masofaviy o‘quv kurslari tashkil qilinmoqda.

Joriy yilning 28 oktyabr kuni «Mahallada ijtimoiy xizmat» modulida ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish” mavzusida  Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i D.M.Mirzajonova, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi milliy konsultanti Yu.Umarbekova, “Daromad Dasturi” IT kompaniyasi rahbari A. Tashmatovlar tomonidan respublika o‘quvi o‘tkazildi.

Soha mutaxassislari oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda ijtimoiy ish amaliyotini qo‘llashning mazmuni-mohiyati, bosqichlari, «Mahallalarda ijtimoiy xizmat» elektron modul dasturi haqida umumiy tushunchalar, tizimning ishlash umumiy prinsiplari haqidagi bilimlarini sodda va xalqchil tilda o‘quv ishtirokchilariga singdirdi.

O‘quvlar erkin va qiziqarli muloqotlar hamda savol-javoblar asosida o‘tkazildi.

                                                                                                                                                                                                                                             

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va

 “Ayollar daftari”ga kiritilgan

xotin-qizlar bilan ishlash boshqarmasi