Davlat rahbarining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni «Ayollar daftari» orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbusi ijtimoiy islohotlarning ustuvorlaridan biri hisoblanadi.
Oilalarning, xotin-qizlarning muammolarini individual o‘rganib, masala yechimiga kompleks yondashuv usulini qo‘llash orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyiha hisoblangan “Ayollar daftari” mexanizmi hayotda og‘ir sharoitga tushib qolgan, imkoniyatlari cheklangan aholi qatlamini ehtiyojmandlikdan olib chiqish, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “ayolni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik” yo‘lida yaxshi samara bermoqda.
“Ayollar daftari” tizimi SOS (ya’ni, bezovtalik, nimadandir qiynalayotganlik) belgisiga tushib qolgan xotin-qizlarning yoniga borib yuzma-yuz holda uning muammolarini o‘rganish, yordam qo‘lini cho‘zishga xizmat qiladigan tizim deyilsa ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkor va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatishda nafaqat «Ayollar daftari» tizimi vositasida, balki bir qator milliy va xalqaro ijtimoiy loyihalar yordamida faoliyat olib bormoqda.
Jumladan:
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga qanday yordamlar ko‘rsatildi?
2022 yil respublika bo‘yicha 644 849 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar 6 ta toifa bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritildi. Hozirga qadar ushbu ayollardan 626 910 nafariga (97,2 foiz) turli yordamlar ko‘rsatildi.
210 635 nafar muhtoj xotin-qizlar yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi.
43 658 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
179 497 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 173 494 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi. Shundan, 9 973 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi.
1 va 2 guruh nogironligi bo‘lgan shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 119 677 nafariga moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan, 2 459 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi.
Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 9 448 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Shundan, 2 852 nafari uy-joy bilan ta’minlandi, 6 596 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.
Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand ayollardan 69 998 nafariga moddiy yordamlar berildi.
Shundan, 3 952 nafariga tomorqadan unumli foydalanish uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Uy-joy, boshpana muhim vosita
Uy-joy, boshpana oila va inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, ehtiyojmand, uzoq yillardan buyon ijara uylarda yashab kelayotgan muhtoj oila va ayollarga ajratilayotgan uy-joylar ijtimoiy islohotlarning odamlar hayotiga amaliy ta’siri ekani e’tirof etilmoqda.
Hozirga qadar respublikada jami 12 220 nafar xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilandi va turar joy bilan ta’minlandi.
Shundan:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi 737-son qaroriga asosan 730 nafar ehtiyojmand ayollar ijtimoiy uylarga joylashtirildi.
782 nafar xotin-qizlarga uy-joy uchun boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-son qaroriga asosan 8 662 nafar xotin-qizlarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratildi.
6327 nafar ayollarga ijara to‘lovlari uchun kompensatsiya to‘lab berildi.
6328 nafar xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
1 430 nafar ayollarga mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan, 616 nafariga boshqa manbalar hisobidan mablag‘lar ajratildi.
Jonajon O‘zbekiston bo‘ylab sayohat va ziyorat
Xotin-qizlarning sayohatlarini tashkil qilish va ichki turizmni kuchaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi natijasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand, aksariyati ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib, qishlog‘i hududidan tashqariga chiqmagan xotin-qizlarning Respublikamiz bo‘ylab vodiyu voha bo‘ylab zamonaviy uchoq (samolyot), poezd va avtoulovlarda sayohat va ziyoratlari tashkil etildi. Ehtiyojmand ayollarimizning sanatoriylarda dam olishi, O‘zbekiston havo yo‘llari vositasida umrlarida ilk bor O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishi kabi islohotlar ayollar ruhini ko‘tardi.
Jumladan:
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi asosida hozirgi kunga qadar respublika bo‘yicha 32 342 nafar ehtiyojmand ayollarning sayohatlari tashkillashtirildi.
“Ilk parvozim” loyihasi doirasida “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda 75 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning sayohatlari tashkil etildi. (Toshkent viloyatidan 30 nafar, Sirdaryo viloyatidan 15 nafar, Namangan viloyatidan 15 nafar, Jizzax viloyatidan 15 nafar)
“Oilaviy sayohat” turistik paketlari asosida 1000 ta kam ta’minlangan va notinch oilalar ichki turistik sayyohatlarga jalb etildi.
Sayohatlar “Ayollar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari hamda homiylar mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va
“Ayollar daftari”ga kiritilgan
xotin-qizlar bilan ishlash boshqarmasi