Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

         Aziz  opa-singillar!

 

       Kecha Siz aqlu zakovatingiz, oila va jamiyatimizda kechayotgan  ibratli hayotingiz, bilim, tafakkuringiz bilan o‘z yaqinlaringiz, xizmat joyingiz, do‘stu qadrdonlaringiz, nari borsa, mahallangizda kayvoni edingiz.

       Bugun muhtaram Prezidentimiz  tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Oqila ayollar” harakatiga birlashib, jamiyatimizda katta ma’naviy kuchga aylanmoqdasiz.  Biz xotin-qizlar bilan muntazam, faoliyat olib borayotgan davlat qo‘mitasi sifatida Sizning har bir qadamingizni xayrixohlik bilan kuzatmoqdamiz. Hozirgi kunda hududlarimizda istiqomat qilayotgan 150 ming nafar atrofidagi  xotin-qizlarni qamrab olgan “Oqila ayollar” harakati a’zolarining sifati (orangizda olimalar, nufuzli davlat mukofoti sohibalari, shifokorlar, muallimalar, ijodkorlar, san’atkorlar, mahalla faollari, ibratli oila bekalari bor) va soni bizga har jihatdan Sizni o‘zimizning eng yaqin yordamchilarimiz, dono maslahatgo‘ylarimiz deb ishonish imkonini beradi.

 

         

       

        Qadrli opa-singillar!

     Sizga yaxshi ma’lum, Davlatimiz Rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilindi. Siz yaxshi bilasiz, xalqimiz  hayotini,  ayniqsa, ayollar  hayotini  daraxt, gullarsiz, giyohlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. “Bir daraxt kessang, o‘rniga o‘ntasini ek”, “Yaxshidan bog‘ qolar”, “Qiz bola – qizil gul”, “Mevali daraxtga tosh otiladi”, “Daraxt bir joyda ko‘karadi”, “Danagidan mag‘zi shirin”, “Ona va bola – gulu lola” kabi turli ramzlar singdirilgan naqlu hikmatlar ham bizning donishmand zaminimizda yaralgani sir emas. Hatto to‘ylarimiz  ko‘rki  bo‘lgan “Yor-yor”larimizda:

        O‘z qizining o‘rniga bodom eksin, “yor-yor”,

       Bodom shoxi titrasa bolam desin, “yor-yor”, – degan satrlar borki, bularning hammasi xalqimizda ko‘kartirish, undirish masalalariga juda katta mehr bilan qaralganini dalillaydi.

      Davlatimiz rahbari ham millatimiz tabiatidagi ana shu yaratuvchanlikka suyangan holda: “Daraxt havas bilan ekilishi, mahallalarimizning  madaniyatiga  aylanishi  lozim”, deya ta’kidlaydilar.

      Darhaqiqat, daraxtlar faqat chiroyli manzara beruvchi yashilliklar emas. U cheksiz kislorod  manbai, havoni g‘uborlardan tozalovchi vosita, chang-to‘zondan hududlarni himoya qiluvchi soqchi. Uning shu va yana  ko‘plab ijobiy jihatlarini  e’tiborga olgan holda Yurtboshimiz “Agar O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilayman,  desangiz har bir xonadon  ikkitadan, har bir tashkilot beshtadan daraxt eksin!”  deya aholimizni bir ulkan ezgulik atrofiga birlashishga chaqiradi.

      “Viloyat hokimlari 500 ming tup kuzgi meva ko‘chatlarini  kam ta’minlangan xonadonlarga  tarqatsin...”  Yurtboshimizning  suhbat davomida  o‘rtaga tashlagan  bu vazifalari ham “Yashil makon” umummilliy loyihasining navbatdagi zalvorli qadami bo‘lishiga shubha yo‘q.

       Tomorqasida ikki qarich bo‘sh joy  qolsa, o‘sma, kashnich, shivit ekib hovlisini obod qiladigan  bibilarimiz!

       Eshigidan o‘tguvchi ariqlar yoqasiga yalpizu rayhon, jambillar ila xushbo‘y xushro‘ylik baxsh etayotgan bekalarimiz!

       Dala-tuzlar  chekkasiga atirgulu  husniyusuflar ko‘chatini o‘tqazib,  bo‘z tuproqqa-da ko‘rku oroyish berayotgan zarif ko‘ngilli qiz, kelinchaklarimiz!

       Bir so‘z bilan aytganda, hayotimiz, oilalarimiz, mahallalarimiz ziynati bo‘lgan “Oqila ayollar”imiz!

     Kunning ko‘zi yiltirab turgan har bir kun, har lahza g‘animat. Tuproqdan taft ketmay yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy xarakatining yetakchi faollariga aylanasiz, farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan singillarimiz, o‘smir qizlarimizni ham qanotingizga olasiz, deb ishonamiz. Toki bugundan ham baxtiyor, bugundan ham sururli ertamizga ko‘zlaru ko‘ngillarga hayrat solguvchi, havomizni g‘uborlardan forig‘ etguvchi, bog‘lar, gulzorlar bilan kirib boraylik!   

       

        Zero, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish yurt obodligi, el farovonligi, hayot davomiyligini ta’minlaydigan ezgu amaldir.

    Artof-muhitni musaffoligini saqlash va tabiiy resurslar muxofazasini amalga oshirish har bir insonning muqaddas vazifasidir. Eng avvalo, o‘zimiz, oila a’zolarimiz tabiat va jamiyat oldidagi mas’uliyatni doimo his qilib yashasak, tabiiy ne’matlarning qadriga yetsak, tabiat ham bizdan sahovatini ayamaydi. Unga bergan zarracha mehrimiz o‘zimizga ummon bo‘lib qaytadi. Bugun havas bilan ekkan nihollarimiz bog‘larga, bo‘stonlarga aylanib, bag‘rida avlodlarimiz baxtiyor va shodon hayot kechiradi.

         O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

Xususan:

 

1) Qo‘mita tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan joriy yil 11 aprelda tuzilgan hamkorlik memorandumi hamda 15 iyunda tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi doirasida “Onalar bog‘i” yaratish, ko‘chalarda va xotin-qizlarning xonadonlarida manzarali va mevali daraxtlar, butalarning nihol va ko‘chatlarini yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi.

2) “Har bir oqila ayoldan – 5 tup nihol” shiori ostida “Onalar yashil makon uchun!” aksiyasini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan konsepsiya ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat doirasida “Onalar yashil makon sari”, “Yurtimiz jamoliga onalar hissasi”, “Onam ekkan rayhonlar”, “Nabiramga tuhfam”, “Yaxshidan bog‘ qoladi” kabi shiorlar ostida mahallalarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazishda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash belgilandi.

Shuningdek, mazkur aksiyani mahallalarda amalga oshirishda “Oqila ayollar” harakati va “Qizlarjon” klublari, mehnat jamoalaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarning tashabbuskorligini oshirish belgilab olindi.

3) “Oqila ayollar” harakati a’zolariga, nuroniy onaxonlar va xotin-qizlarga loyiha doirasida faol ishtirok etish haqida murojaatlari e’lon qilindi.

4) Qo‘mita tizimi xodimlari va faollari tomonidan jami 895 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirildi. Jumladan:

– Qo‘mita tizimidagi 10 mingdan ziyod xodimlar tomonidan 50 ming tup;

– tashkilot, korxona va muassasalardagi 19 mingdan ortiq xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan 95 ming tup;

 – viloyat, tuman (shahar) va mahallalardagi “Oqila ayollar” harakatining jami 150 mingdan ziyod a’zolari tomonidan 750 ming tup daraxt ko‘chatlarini ekish belgilandi.

Shu bilan birga, har bir tuman (shahar)da “Onalar bog‘lari”ni tashkil etish hamda ularda manzarali va mevali daraxtlar ekish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xonadonlariga ko‘chatlar ekishga ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 Loyiha doirasida bugungi kunga qadar Qo‘mita tizimida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:

1) xotin-qizlarning “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida faol ishtirok etishlari bo‘yicha 413 ta targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi va ularga jami 27 mingdan ziyod xotin-qizlar jalb etildi.

2) Qo‘mita tizimi xodimlari va faollari tomonidan jami 60 776 tup manzarali va mevali daraxtlar, butalar va gul ko‘chatlar hamda dorivor o‘simliklar ekildi. Jumladan:

– mahallalardagi ko‘cha bo‘ylari va maydonlarga 33 721 tup (shundan, 13 156 tup manzarali va 5 501 tup mevali daraxtlar, 8 605 tup butalar va gul ko‘chatlari, 6 459 tup dorivor o‘simliklar);

– ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 3 mingdan ziyod xotin-qizlarning xonadonlariga 18 934 tup manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlar;

– tuman (shahar)lardagi "Onalar bog‘lari"ga jami 8 121 tup (shundan, 2 193 tup manzarali va 2 005 tup mevali daraxtlar, 2 662 tup butalar va gul ko‘chatlari, 1 261 tup dorivor o‘simliklar).

3) loyiha doirasida 84 ta yangi "Onalar bog‘lari" tashkil etildi va respublika bo‘yicha ular soni 587 taga yetdi.

Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda ko‘rsatilgan yordamlar natijasida tadbirkor ayollar tomonidan 69 ta ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil etildi.

Qo‘mita tizimi xodimlari va faollari tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida amalga oshirilayotgan ishlar markaziy va mahalliy OAVlari va ijtimoiy tarmoqlarda jami 359 marotaba
(shu jumladan, televidenieda – 30, gazetalarda – 55, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda 270 marta) yoritildi.

Qo‘mita tizimida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.