Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Asqarova Guljamol Shodmanovna

1978 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1998 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligi tomonidan o‘tkazilgan Respublika  yosh ijodkorlarining Zomin an’anaviy seminarida she’rlari e’tirof etilib, oliy o‘rinni egallagan va ijodiy yutuqlari uchun 20 yoshida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan.

2001 yilda adabiyotdagi yutuqlari va ijtimoiy faolligi uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

9 ta kitobi nashr etilgan:

1998 yilda “Dil fasli”,

2000 yilda “Ro‘shnolik”,

2003 yilda “Bedor qo‘ng‘iroq”,

2004 yilda “Baxt dastxati”,

2007 yilda “Uyg‘otuvchi alla”,

2008 yilda “Gulnoma”,

2010 yilda “Turnalar yo‘li”,

2012 yilda “Erkalik imtiyozi”, 

2013 yilda “Oshiqlar tumori”.

Ayni kunlarda 200 dan ortiq she’rlari jamlangan yangi kitobi nashrga tayyor.

G.Asqarova o‘quvchilik va talabalik yillarida Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva, Shukrullo, Tursunoy Sodiqova kabi ulug‘ shoir va yozuvchilarning nazariga tushib, ularning oq yo‘l va so‘zboshilariga sazovor bo‘lgan.

She’r va maqolalari muntazam tarzda matbuotda yoritiladi. She’rlari rus tiliga tarjima qilingan.

2004 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yurtimizdagi yosh ijodkorlarning rus tiliga tarjima qilingan she’rlarini hamda rus tilida ijod qilayotgan yosh shoirlarning she’rlarini saralash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda
1-o‘rinni egallagan.

2006 yilda vatanparvarlik ruhidagi 5 ta she’ri qo‘shiq qilib kuylanib, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi qo‘shiq matnlari muallifi” yo‘nalishi g‘olibi bo‘lgan.

10 ga yaqin she’rlari xalqimizning sevimli san’atkorlari Hosila Rahimova, Zulayxo Boyxonova, Oybek Hamraqulov, Oypopuk Eshonxonova, Madina Mumtoz, Dilmurod Sherlar tomonidan kuylangan.

2009 yilda uning “Uyg‘otuvchi alla” nomli she’ri Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Amudaryo” jurnali tomonidan e’lon qilingan tanlovda g‘olib deb topilgan va maxsus diplom bilan taqdirlangan.

2004 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan.

2009 yili O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetining magistratura yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinib, 2011 yilda “Alisher Navoiy ijodida til va tahrir” mavzuida magistrlik dessertasiyasini a’lo bahoga himoya qildi.

2011 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Guljamol Asqarova ustozi O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning 1000 ga yaqin asarlari jamlangan 4 tomlik she’r va dostonlari, proza janridagi asarlari, Halima Xudoyberdiyeva haqidagi zamondoshlar fikri jamlangan kitoblarni nashrga tayyorladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va tashabbusi asosida tashkil etilgan “DUGONALAR”  jurnalini Prezident belgilab bergan ma’rifiy yo‘nalishda, ustozi Halima Xudoyberdiyeva meros qilib qoldirgan adabiy-badiiy tajriba asosida olib borib, qizlar tarbiyasini yuksaltirish, ma’rifiy, ilmiy salohiyatni oshirishga safarbar qildi. 2018-2019 yillar davomida ma’rifiy-ijtimoiy, ijodiy jurnalning 21 ta soni chop etildi.

G.Asqarova ijod maktablari, xususan Sirdaryo viloyatidagi Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabida, o‘quv yurtlari va tashkilotlarda turli sanalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuvlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

G.Asqarova ijtimoiy tarmoqlarda faol, o‘z ijodiy telegramkanalini (https://t.me/Guljamol_Asqarova) tashkil etgan bo‘lib kanalda 1700 ga yaqin obunachilari bor. Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 5000 ga yaqin obunchalari va minglab muxlislari ijod namunalari va faoliyatini kuzatib boradi.

1996 yildan boshlab “Saodat” jurnali, “Turkiston”, “Milliy tiklanish” kabi gazetalarda, nashriyotlarda faoliyat yurita boshlagan. 2004 yildan boshlab (sobiq) O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida ishlagan. 2022 yildan buyon Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida faoliyat olib bormoqda.

G.Asqarova ijtimoiy faoliyati davomida yurtimiz ayollarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, bir qator Zulfiya mukofoti sovrindorlarining katta siyosiy va ijodiy maydonga kirib kelishiga hissa qo‘shdi. Respublikamizning barcha hududlarida sovrindor qizlarning ijodiy uchrashuvlarini tashkil etish, kitoblarini chop ettirish ishlariga bosh bo‘ldi.

Shuningdek, ijodkor ayollarning kitoblari taqdimotlarini o‘tkazish, ularni rag‘batlantirish tadbirlarini tashkillashtirdi. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevaning “To‘rt tanho” kitobini, shoira Benazirning “O‘tmagan kunlar” kitobi va shu kabi iste’dodli ijodkorlarning ijodiy targ‘ibotlarini olib bordi.