Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Ijtimoiy tarmoqlarda  “SukutSaqlama” loyihasi sahifasida joylangan videodagi  ayol hayoti, xavfsizligi bilan bog‘liq jarayonlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mas’ullari boshchiligida tegishli mutasaddi tashkilotlar  hamkorligida alohida nazoratga olindi. 

Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kunning o‘zidayoq Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboeva boshchiligida viloyat hokimligi, prokuratura,  sektor rahbarlari ayol yashayotgan xonadonda bo‘lishib, uning va farzandi holidan xabar olishdi va  yaqinlari bilan suhbatlashishdi.

Videodagi mashinaga majburan o‘tkazib olib ketilgan ayol 2000 yilda tug‘ilgan M.A.  so‘nggi 9 oydan buyon turmush o‘rtog‘i bilan yashamay, ota-onasining uyiga, Toshkentga ketib qolgan. Videoda aks etgan holatda ayolning turmush o‘rtog‘i va qaynotasi uni Toshkentda ko‘chada ushlab, kuch ishlatib, mashinaga solib, Qashqadaryo viloyatiga birga yashab kelgan xonadoniga olib ketgan.

Video tarqalganidan so‘ng, ichki ishlar xodimlarining tezkor harakatlari bilan fuqarolar Koson tumani ichki ishlar bo‘limiga qirq minut ichida olib keltirilgan. Ayoldan tushuntirish olingan va uning eri va qaynotasiga nisbatan tergov ishlari  boshlangan.

Bundan tashqari, fuqaro M.A bilan suhbat o‘tkazilib, himoya orderi berilishi ta’minlandi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Qayd etish joizki, ushbu holat Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi va hududiy bo‘limi, shuningdek tuman hokimligi xamda ichki ishlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Xozirda tergov ishlari davom etmoqda.