BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan.
2014 yilda BMT Bosh kotibi xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan “UNiTE” nomli tashabbusini “Ochiq” deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan har yili dunyo miqyosida
25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” ostida turli tadbirlar o‘tkaziladi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda fuqarolarni zo‘ravonlikdan himoyalash, har qanday zo‘ravonlikka munosib jazo tayinlash milliy qonunchiligimizda qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, ko‘cha-ko‘yda begona insonni haqoratlash yoki unga tan jarohati yetkazish qanday javobgarlikka tortilsa, oiladagi shaxsga nisbatan zo‘ravonlik ham ana shunday jazolanadi. Bunday vaziyatda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish institutlarining faoliyati muhim ahamiyatga ega.
E’tiborlisi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan ham zo‘ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va milliy amaliyotga joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan
25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuniga bag‘ishlangan 2022 yil 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi
16 kun” turkum tadbirlarni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliy ijroga yuborildi.
Mazkur rejaga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi uning xududiy bo‘linmalari xamkor tashkilotlar bilan birgalikda:
- “Zo‘ravonliksiz oila - farovon hayot sari” mavzusidagi “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” turkum tadbirlarining ochilish marosimini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimligi, barcha tumanlar (shaharlar) hokimliklarida o‘tkazildi.
- “Oilaviy zo‘ravonlikni oldini olishga har birimiz mas’ulmiz” mavzusida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, hududlarda amalga oshirilmoqda;
- Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning sog‘ligini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan tibbiy tadbirlar tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda;
- Zo‘ravonlik oshgan tuman, shaharlarda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilmoqda;
- Mahallalarda, ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlar, mehnat jamoalarida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng xuquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi xamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlarni, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyani mazmun-mohiyatini tushuntirish, xotin-qizlarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tadbirlar tashkil etilmoqda.
“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” tadbirlari 10 dekabrga qadar davom etadi.