Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

Navoiy viloyatida bugungi kunda xotin-qizlar soni 500 ming nafardan ziyod boʻlib, ular orasida mehnati va izlanishlari bilan iqtisodiy islohotlar, maʼnaviy yangilanish va jamiyat demokratlashuvi jarayonlarida faol ishtirok etayotganlarning safi keng.

Afsuski, barcha opa-singillarimiz ham sogʻlom oilaviy muhitda yashayapti, deb ayta olmaymiz. Hamon baʼzi oilalarda zoʻravonlik va kamsitishlarga uchrab, moddiy va maishiy qiyinchiliklar, turmush oʻrtogʻining turli illatlarga ruju qoʻyganidan aziyat chekayotgan ayollar bor.

Chindan ham oilaviy munosabatlar oson kechmaydi. Jamiyatning ushbu eng quyi boʻgʻinida ziddiyatlar barcha davr va barcha mamlakatlarda uchrab turadi. Qolaversa, u bilan bogʻliq muammolarni yechishning yagona yoʻli ham hamon mavjud emas.

Respublikamiz Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori mamlakatimizda zoʻravonlikka uchragan ayollarga yordam tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zoʻravonlikning oldini olish va uning mudhish oqibatlariga barham berishda tarixiy qadam boʻldi. Mazkur hujjat asosida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzurida va 14 hududda reabilitatsiya markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bugun yana 14 hududda namunali tumanlararo markazlar tashkil etilmoqda. Ulardan biri Navoiy viloyatining Konimex tumanida foydalanishga topshirildi.

Markaz 18 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ikki qavatli binoda psixolog xonasi, ijtimoiy-moslashuv maslahatxonasi, oshxona, majlislar zali, tikuvxona, fitnes va dam olish xonalari mavjud.