Eng munosiblar saralanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi PF – 87-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy dasturning 48-bandi hamda Oliy Majlis Senati Kengashining 2022 yil 27 apreldagi KQ-340 – IV sonli qaroriga muvofiq, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash, ularning faoliyatini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish hamda ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovini o‘tkazish belgilangan.
Tanlov nizomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 35 yoshdan yuqori hamda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, shuningdek, uy bekalari tanlov ishtirokchilari hisoblanadi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tanlovning ishchi organi etib belgilangan.
Joriy yilda o‘tkazilgan tanlovning quyi bosqichlarida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lish bilan birga o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 ming 600 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Joriy yilning 27 va 29 oktabr kuni tanlovning Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari, shuningdek, 15-21 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari o‘tkazilib, tanlov Nizomiga ko‘ra Respublika bosqichiga hududlardan “Yilning eng vatanparvar ayoli”, Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targibotchisi”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targibotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” hamda “Yilning eng yaxshi IT - dasturchi ayoli” yo‘nalishlari bo‘yicha 147 ta hujjat taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida “Yil ayoli” milliy tanlovini tashkil o‘tkazish bo‘yicha Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan
147 nafar xotin-qizlarning hujjatlarini tanlov Nizomida belgilangan shartlar asosida baholash ishlari o‘tkazildi.
Kuni kecha Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlov ishtirokchilarining faoliyati, davlat va jamiyatda tutgan o‘rni, faolligi, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa oila, xotin-qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat hamda jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi bilimlari baholandi.
Umuman olganda tanlov sabab qanchadan-qancha iste’dodli, tashbbuskor xotin-qizlar kashf qilinganligini e’tirof etib o‘tish joiz. Ayni vaqtda “Yil ayoli” milliy tanlovini tashkil o‘tkazish bo‘yicha Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini aniqlash ishlari davom etmoqda.