Bugun Markaziy Osiyoda ilk bor Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Polo federatsiyasi hamkorligida Toshkent shahrining “Bibixonim” va Toshkent viloyatining “Barchinoy” guruhi o‘rtasida ayollar polo musobaqasi o‘tkazildi. Unda bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Ayollar Polo ligasi raisi Z.Maxkamova, Oliy Majlis senati senatori D.Toshmuxammedova, Ekologiya partiyasi raisi A.Hamzayev, Polo federatsiyasi raisi o‘rinbosari D.Alimbekovna, Qo‘mita raisining o‘rinbosari R.Turdiboyeva, Davlat bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchi ayollari, Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchi ayollari, Milliy gvardiya xotin-qizlari va bir qator mutassaddi tashkilot xodimlari, shuningdek xalqaro va mahalliy OAV vakillari ishtirok etishdi. Mazkur musobaqada 22-son mehribonlik uyining 20 nafar qizlari ham ishtirok etishdi. Ularga Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qaroriga muvofiq, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash va ommalashtirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishilishining o‘zi bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettirishga huquqiy zamin yaratadi va bugungi ayollar o‘rtasidagi mazkur musobaqa polo sport sohasida yangi davrni boshlab beradi desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ot bilan bog‘liq ko‘p asrlik qadriyatlarimiz borki, taʼbir joiz bo‘lsa, ular ming yillardan beri turkiy xalqlarning milliy kamolotiga xizmat qilib kelmoqda.
Musobaqa yakuniga ko‘ra Toshkent viloyatining “Barchinoy” qizlari 6:3 hisobida g‘alaba qozonib Bosh vazir o‘rinbosari Kubogini qo‘lga kiritishdi.