"Ayoli eʼzozlangan yurt" shiori ostida ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan "Ayoli eʼzozlangan yurt" shiori ostida “Yil ayoli” milliy tanlovi, shuningdek, “Eng namunali boshlang‘ich tashkiloti” hamda “Eng faol tadbirkor ayol” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kasanachilik orqali ish o‘rinlari tashkil etgan tadbirkorlar o‘rtasida “Eng namunali tadbirkor” ko‘rik-tanlovining hududiy va respublika bosqichlari o‘tkazilib, tanlovda ishtirok etgan 195 nafar tadbirkorlardan 14 nafari respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi. Tanlov natijalariga ko‘ra aniqlangan g‘oliblar bugungi kunda Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirildi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining “Eng namunali boshlang‘ich tashkiloti” ko‘rik-tanlovi xotin-qizlarni ahvolini yaxshilash, huquq va manfaatlarini himoya qilishda fidoiylik bilan mehnat qilayotgan boshlang‘ich tashkilotlari raislarini aniqlash, ularning ilg‘or ish tajriba va uslublarini keng yoyish maqsadida uch bosqichda tashkil etildi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida jami 4 160 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida 1 972 ta boshlang‘ich tashkilotlar ishtirok etdi. Respublika boschiqichiga taqdim etilgan 126 nafar nomzodlarning hujjatlari Nizom shartlari asosida o‘rganib chiqildi.
Tanlovning Respublika bosqichi yakuniga ko‘ra 3 ta birinchi o‘rin,
3 ta ikkinchi o‘rin, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 3 ta ikkinchi o‘rin, 3 ta uchinchi o‘rin, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 3 ta uchinchi o‘rin, 9 ta nominatsiya bo‘yicha 21 nafar sovrindor aniqlandi.
“Yil ayoli” tanlovining Respublika bosqichida “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targibotchisi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, hamda “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” yo‘nalishlari bo‘yicha 14 nafar xotin-qizlar g‘olib deb topildi.
“Yil ayoli – 2022” respublika tanlovining g’oliblari
1-o‘rin sohibi – Toshkent viloyatidan O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi a’zosi, rassom, hunarmand Yarmatova Nilufar Karimovna;
2-o‘rin sohibi – Namangan viloyati Namangan shahridagi “MEGA STAR FLOWERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Toshmatova Xakimaxon Raximjonovna;
3-o‘rin sohibi – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani bo‘linmasi bosh mutaxassisi Yulchiyeva Shodiyaxon Umirzaqovna deb topildi.
“Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichida mutlaq g‘olibi Gran-Pri sohibiga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Ergasheva Guli Ismoil qizi munosib deb topildi.
Guli Ergashevaga Prezident sovg‘asi – avtomobil topshirildi.