“Kuchli va farovon millatni shakllantirishda bizga yordam beruvchi “global fuqarolar”ni tarbiyalash orqali O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz”, “21-asr ko‘nikmalariga ega, har tomonlama barkamol kadrlarni tayyorlash uchun biz avvalo ularning taʼlimiga eʼtibor qaratishimiz lozim” kabi dadil va kreativ fikrlari bilan jamoatchilikka tanilgan Xilola Uktamovna Umarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Xilola Umarova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi tadqiqotchisi.
U Toshkent shahridagi INHA universitetining bosh menejeri, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab direktori, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.