“Ayollar daftari” ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘maklashish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbusi bilan ijroga yo‘naltirilgan aniq tizim hisoblanadi.
“Ayollar daftari” ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘maklashish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbusi bilan ijroga yo‘naltirilgan aniq tizim hisoblanadi.
TAJRIBA
O‘tgan 3 yillik tajribada minglab ayollarga turli darajada yordamlar ko‘rsatilgan va tizim yildan yilga takomillashmoqda.
O‘tgan 2020-2022 yillar davomida “Ayollar daftari” tizimi asosida ko‘plab ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan:
1-bosqichda 430 ming 275 nafar,
2-bosqichda 450 ming 870 nafar,
3-bosqichda esa 641 ming 816 nafar xotin-qizlarga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
4-BOSQICHDA...
Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi doirasida 2023 yilda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, 2023 yilda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida manzilli amaliy yordamlar ko‘rsatiladigan ehtiyojmand xotin-qizlar qamrovi 1 mln. nafarga yetkaziladi. Qayd etilishicha, bugungi kunda Respublikamizda jami 8 mln.dan ziyod 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar istiqomat qiladi va amaliy yordam ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan 1 mln. nafar ehtiyojmand xotin-qizlar ushbu xotin-qizlarning 12,5 % ni tashkil etadi.
Hududlar kesimidagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 55 ming nafar,
Andijon viloyatida – 91 ming,
Buxoro viloyatida – 60 ming,
Jizzax viloyatida – 38 ming,
Qashqadaryo viloyatida – 88 ming,
Navoiy viloyatida – 30 ming,
Namangan viloyatida – 81 ming,
Samarqand viloyatida – 108 ming,
Sirdaryo viloyatida – 24 ming,
Surxondaryo viloyatida – 70 ming,
Toshkent viloyatida – 90 ming,
Farg‘ona viloyatida – 112 ming,
Xorazm viloyatida – 55 ming,
Toshkent shahrida – 98 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga yordam berilishi zarur.
YANVAR OYI DAVOMIDA
2023 yil 5 yanvardan boshlab 9 370 ta mahallaning har birida davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar xotin-qizlarning muammolarini uyma-uy yurish orqali o‘rganish ishlarini boshlaydi.
Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va tahlil qilib borish uchun “sektor – tuman – viloyat – respublika” darajasida shtablar tashkil etiladi. Joylarda o‘rganish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirib borish maqsadida esa har bir viloyat va tuman (shahar)ga kasaba uyushmalari vakillari biriktiriladi.
“Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantiriladi.
Ro‘yxatdagi har bir ayolning “individual dasturi” ishlab chiqiladi, bunda xotin-qizlarning ehtiyojlari, qiziqishlari, “kredit tarixi”, ehtiyojmandlik darajasi va boshqa masalalarni sinchkovlik bilan o‘rganadi.
Ro‘yhatdagi xotin-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi.
Xotin-qizlarning “individual dasturlari” va “Yo‘l xaritasi” loyihasi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashida tasdiqlanadi.
Rasmiylashtirish jarayonlaridan so‘ng amaliy yordam ishlari zudlik bilan boshlanadi.
HECH KIM EʼTIBORDAN CHETDA QOLMASLIGI SHART!
Bu yil “Ayollar daftari” tizimini yuritishda har bir xotin-qizga kompleks yordam berib, uni ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilab olishiga ko‘maklashish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Yaʼni, ayollarga bitta yoki ikkita yordam bilan cheklanish emas, balki, ehtiyojmand xotin-qizlarning ijtimoiy-moliyaviy ahvoli yaxshilanib, o‘zini tutib olishiga ko‘maklashish asosiy maqsad bo‘ladi. Chunki, “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar yil so‘ngiga borib mustaqil hayot kechirishga tayyor bo‘lishi zarur.
Bunda, “Ayollar daftari”ning 3-bosqichida baʼzi sabablarga ko‘ra suhbatlashish imkoni bo‘lmagan xotin-qizlar xonadoniga, yaʼni ichki yoki tashqi migratsiyada yurgan va hozirda qaytib kelgan xotin-qizlar, o‘sha paytlarda sog‘lig‘i tufayli kasalxonada bo‘lgan xotin-qizlar, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan, biroq ayni paytda ehtiyojmand bo‘lib turgan 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar, “Temir daftar”ga kiritilmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar ham to‘liq xatlov qilinadi.
Eng muhimi, o‘rganishlarda birorta ham ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz eʼtibordan chetda qolib ketmasligi shart!