Mahallalardagi xotin-qizlar faollariga oilalardagi ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha rejalar tuzish, tavsiyalar va buyurtmalar berish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish monitoringini yuritish vazifasi yuklatilgan.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 iyundagi 300-sonli qaroriga ko‘ra mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilindi.
Mahallalardagi xotin-qizlar faollariga oilalardagi ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha rejalar tuzish, tavsiyalar va buyurtmalar berish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish monitoringini yuritish vazifasi yuklatilgan.
Respublikaning barcha mahallalarida “Mahallada ijtimoiy xizmat” avtomatlashtirilgan maxsus elektron moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda va mazkur modul o‘rnatilgan planshetlar mahalla xotin-qizlar faollariga tarqatilmoqda.
Endilikda xotin-qizlar faollari tomonidan mahallalarda muhtoj oila va fuqarolarning muammolarini kompleks yondashuv asosida o‘rganish orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Xotin-qizlar faollari tomonidan amalga oshirilishiga ko‘maklashiladigan ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati mavjud.
Yangi tizim asosida oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanib, ijtimoiy yordamga muhtoj oila yoki fuqaro uchun individual ijtimoiy himoya qilish rejasi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar “Mahallada ijtimoiy xizmat” modulini joriy etish jarayonini tashkil etishda mahallalardagi xotin-qizlar faollariga amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.
Mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi doirasida masʼul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi tavsiya, yo‘llanma va buyurtmalarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda sifatli xizmatlar ko‘rsatilishi uchun shaxsan javobgarlik belgilangan.
Mahallalardagi xotin-qizlar faollarining tegishli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha murojaatni hal etish holati yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga so‘rovlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda majburiy ravishda ko‘rib chiqiladi.
Ushbu planshetlar xotin-qizlar faollariga mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarni bazalarga kiritishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Joriy yilning 5-yanvardan boshlab 31-yanvarga qadar xonadonma-xonadon yurish orqali xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 4-bosqichi tashkil etiladi.
Rejaga ko‘ra, hududlarda mahalla xotin-qizlar faollariga planshetlar tarqatilmoqda. Xususan:
Farg‘ona viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, 5 yanvar kuni Qo‘qon shahrida 68 nafar mahalla xotin-qizlar faollariga planshet tarqatildi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berishicha 5 yanvar kuni Yakkasaroy tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning mahallalardagi xotin-qizlar faollari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va mahallalarda muhtoj oila va xotin-qizlarning muammolarini kompleks o‘rganish va ularni hal etishga ko‘maklashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga maqsadli yordam berish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuvda tumandagi 21 ta mahalla xotin-qizlar faollariga zamonaviy planshetlar topshirildi.