Bizning o‘g‘lonlarimiz munis singillarini yomonliklardan himoya qilish uchun jonini tikardi. Bir joyda o‘qiganim bor: maktab yoshidagi qizga sinfdoshi xat yozadi. Xat qizning akasining qo‘liga tushadi. Akasi singlisini koyimaydi, “siz”dan olib “sen”ga solmaydi. Faqat: – Bundan keyin maktabga men bilan borib, men bilan kelasan, – deydi.
Ertasi hammayoqni oppoq qor qoplagan kunda singlisini maktabga ergashtirib ketayotib, bir qor bosib singan daraxt shoxining oldida to‘xtaydi.
– Singlim, sen mana shu qordek pokizasan. Agar (aka qordagi qushlar izini ko‘rsatadi) nomusingga mana shunday iz tushsa, mening g‘ururim mana shu daraxt shoxiday sinadi. Shu gapim esingdan chiqmasa bas, – deydi. Bu saboq singilga bir umrga yetarli bo‘ladi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mudhish xabar ayni paytda hammaning og‘zida: o‘ttiz yashar yigit ( uni “yigit”deb bo'lmaydi...) qo‘shnisining o‘n ikki yoshli murg‘akkina qizini avval zo‘rlab, keyin joniga qasd qilibdi! Qotil allaqachon laʼnatlarning ostida qolib ketdi. Lekin endi na unga beriladigan qonuniy jazo, na elning laʼnati bu murg‘akkina jonni hayotga qaytara olmaydi. Bo‘lgan voqeani ko‘z oldingga keltirsang, yetmish ikki tomiringda bo‘ron qo‘zg‘aladi. Yovuz changaldan xalos bo‘lish uchun dod-faryod ko‘targandir... Yalingandir... Bu insoniylikdan mosuvo kas qayerda, kimlarning qanotida shu yoshni yashadi ekan? Yo ona ko‘ksidan emas, qandaydir vahshiy jonzotlardan ozuqalandimikin? Axir, o‘ttiz yosh kichkina yosh emas. Birdaniga bu vahshiylikka yuraksinmagandir... Avval ham qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larning ko‘z o‘ngida qandaydir noxushliklar qilgandir. Koshki, o‘sha paytda unga qattiqroq gapirgan bo‘lsak edi, yoshi kattalar, so‘zi o‘tkirlar jilovidan tortib qo‘ysa edi, bu fojia yuz bermasmidi?
Biz ko‘pincha bo‘lar ish bo‘lib o‘tgach, “dod” deb qo‘limizni osmonga ko‘taramiz. Aslida oru nomus uchun kurashishni ertaroq boshlashimiz kerak emasmidi?
Bo‘lib o‘tgan bu voqea hammani bir silkitib olishi kerak. Hamma o‘zi, oilasi, o‘g‘li, qizi haqida chuqurroq o‘ylashi kerak. “Aybdor jazosini oladi”, degan so‘z taskin bo‘la olmaydi. Pokiza bir millatning ko‘ksiga og‘ir yara bo‘lib o‘yilgan bu voqeaning og‘rig‘i bitib ketmaydi. Hatto, baʼzilar talab qilayotgandek shaharma-shahar sazoyi qilinsa ham bu yara dog‘i osonlikcha yuvilmaydi. Faqat hamma o‘zini, ichkarisini taftish qilishi kerak! Kimdir ichidagi nafsdan, kimdir tajovuzkordan, kimdir xoin-sotqindan, kimdir besharmdan qutulmas ekan, bunday fojialar takrorlanmasligiga kafolat yo‘q. Shuning uchun bir ayol, ona sifatida ko‘nglimizdan kechayotganlari – shu.
Biz har kuni el orasidamiz. Opa-singillar dardu quvonchiga yelkadoshmiz. Zo‘ravonliklar, xiyonat, jaholat ildizini topib, kuydirib yo‘q qilmas ekanmiz, qayerdandir yana unib chiqaveradi. Hammamiz hamnafas, hamfikr bo‘lib ertangi kunning umidiga rang berishimiz kerak. Qaysi uy, qaysi mahalla, qaysi manzil- makonda odob chegarasiga qadam qo‘ygan inson borki, uning yo‘liga g‘ov bo‘lishimiz, to‘g‘ri yo‘lga boshlab ko‘ngliga ezgulik solishimiz, bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimizga eʼtiborli bo‘lishimiz kerak. Yig‘layotgan ona bilan birga yig‘layapmiz, kuyganda kuyib, yonganda yonyapmiz. Ammo biz yo‘ldamiz. Bu yo‘lda siz aziz yurtdoshlarimiz bizga yelkadosh bo‘ling!