Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, rag‘batlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”
PF-2326-son Farmoniga muvofiq joriy etilgan.
2017-yilgacha ushbu mukofot bilan har bir hududdan 1 nafardan jami 14 nafar o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va 22 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlar taqdirlangan.
2018-yildan iqtidorli qizlarni ko‘paytirish, ularning faolligini oshirish maqsadida har bir hududdan 2 nafardan jami 28 nafar iqtidorli xotin-qizlar taqdirlanmoqda va yosh chegarasi 22 yoshdan 30 yoshgacha uzaytirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-martdagi tegishli qaroriga muvofiq, 28 nafar iqtidorli xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Sovrindorlarning 6 nafari adabiyot, 5 nafari san’at, 5 nafari fan, 4 nafari ta’lim, 4 nafari sport, 2 nafari madaniyat va 2 nafari jamoatchilik yo‘nalishlarida mazkur mukofotni qo‘lga kiritdi.
Sovrindorlarning 8 nafari umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi,
16 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari (shundan 12 nafari bakalavr, 4 nafari esa magistratura bosqichi talabalari), bir nafar maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, 1 nafari sport maktabi murabbiysi, 1 nafari oliy ta’lim muassasasi kafedra mudiri, 1 nafari tadbirkor, 1 nafari mahalla yoshlar faoli hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgandan buyon ushbu mukofot bilan taqdirlangan iqtidorli xotin-qizlar soni 424 nafarga yetdi.